31-oktabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Buyuk Britaniya elchisi Timoti Torlot O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bitim keng qamrovli hujjat bo‘lib, u amaldagi huquqiy asosni saqlash va tomonlar o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi, energetika, ilmiy-texnikaviy, moliyaviy va boshqa sohalardagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Ushbu xalqaro hujjat Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishidan so‘ng, O‘zbekiston—Buyuk Britaniya hamkorligining shartnomaviy munosabatlari davomiyligini ta’minlashga va barcha sohalarda har tomonlama amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga imkon yaratadi.
Shartnoma tomonlarning ichki davlat jarayonlari bajarilishi to‘g‘risidagi so‘nggi yozma ma’lumot olingan sanadan, ya’ni keyingi oyning birinchi kunidan boshlab kuchga kiradi.
Hujjatda shartnoma kuchga kirgunga qadar vaqtincha qo‘llash imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)