Rossiyaning Vladivostok shahridagi qabristonda 24-oktabrga o‘tar kechasi yong‘in yuz bergan. Yong‘in qabristondagi ikki qavatli xo‘jalik binosida yuzaga kelgan. Bu haqda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, yong‘inni o‘chirgan o‘t o‘chiruvchilar hodisa joyida uch kishining jasadini topgan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Vladivostok shahridagi Bosh konsulxona ma’lumotiga tayangan holda ma’lum qilishicha, 24-oktabr, payshanba kuni yuz bergan mazkur yong‘in oqibatida Buxoro viloyatidan kelgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi O.J., K.T. va J.B. vafot etgan.
Konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalar hal qilinganidan so‘ng, 26-oktabr, shanba kuni mazkur uch fuqaroning jasadlari “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning “Vladivostok—Toshkent” yo‘nalishidagi reysi bilan O‘zbekistonga olib kelingan.
Shuningdek, 27-oktabr kuni Vladivostok shahri bolalar kasalxonasida sog‘lig‘i holatining yomonlashgani sababli yana bir O‘zbekiston fuqarosi I.B. vafot etgan.
Bosh konsulxona mazkur vaziyatni nazoratga olgan va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumaning jasadini Vatanga yuborish bilan bog‘liq masalalarni hal qilmoqda.
Izoh (0)