Futbol bo‘yicha Angliya Premyer ligasining 10-turi doirasida 27, oktabr, yakshanba kuni 4 ta o‘yin yakunlandi.
Unai Emeri qo‘l ostidagi Londonning “Arsenal” klubi o‘z maydonida “Kristal Pelas”ni qabul qildi.
Uchrashuvning 7-daqiqasidayoq “to‘pchilar” himoyachisi Sokratis Papastatopulos Granit Jaka uzatmasini golga aylantirgan bo‘lsa, oradan 2 daqiqa o‘tib braziliyalik David Luiz hisobni 2:0 ko‘rinishiga olib keldi. 32-daqiqada esa hakam tomonidan Bernd Leno darvozasi tomon penalti belgilandi. Undan mehmon jamoa yarim himoyachisi Luka Milivoyevich unumli foydalanib, oradagi farqni qisqartirdi (2:1). 52-daqiqada esa “Kristal Pelas” hujumchisi Jordan Ayyu hisobni 2:2 ko‘rinishiga olib keldi.
Shu tariqa “Arsenal” o‘z uyida kechgan bahsda “Kristal Pelas” bilan durang o‘ynadi va bir ochkoga ega bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, londonliklar 16 ochko jamg‘argan holda musobaqa jadvalida 5-o‘rinda bormoqda. Undan keyingi o‘rinni band qilib turgan “Kristal Pelas” hisobida esa 15 ochko mavjud.
Ole-Gunnar Sulsher boshliq “Manchester Yunayted” esa safarda “Norvich”ni sinovdan o‘tkazdi.
Bellashuv davomida “mankunianlar” vakillari Skott Maktominey (21), Markus Reshford (30) hamda Antoni Marsyal (73) birin-ketin gol urgan bo‘lsa, mezbon jamoadan Onel Ernandes (88) o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ydi.
Natijada “Yunayted” mehmonda kechgan bahsda “Norvich” ustidan 3:1 hisobidagi ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Mazkur g‘alabadan so‘ng “qizil iblislar” ochkolari sonini 13 taga yetkazib oldi va jamoa musobaqa jadvalida 7-o‘rinni egallab turibdi. “Norvich” esa 7 ochko bilan 19-o‘rindan joy olib turibdi.
Turning markaziy o‘yini “Liverpul” hamda “Tottenhem” klublari qarama-qarshiligi ostida kechdi.
O‘yinning 1-daqiqasidayoq “shporlar” hujumchisi Harri Keyn hisobni ochgan bo‘lsa, 52-daqiqaga kelib mersisaydliklar yarim himoyachisi Jordan Xenderson hisobni tenglashtirdi (1:1). 75-daqiqa esa “qizillar” yetakchilaridan biri Muhammad Saloh penaltidan gol urib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi.
Shu tariqa bahs 2:1 hisobida “Liverpul” foydasiga yakunlandi.
Qayd etish joiz, musobaqa jadvalida peshqadamlik qilayotgan “Liverpul” ushbu g‘alabadan so‘ng ochkosini 28 taga yetkazdi. “Tottenhem” esa 12 ochko to‘plab 11-o‘rinda bormoqda.
10-turdan so‘ng musobaqa jadvalidagi holat:
APL
10-tur bahslari
27-oktabr, yakshanba
“Nyukasl”—“Vulverhempton” 1:1
Gollar: 1:0 — 37 Lassels, 1:1 — 73 Kastro“Arsenal”—“Kristal Pelas” 2:2
Gollar: 1:0 — 7 Papastatopulos, 2:0 — 9 David Luiz, 2:1 — 32, penalti Milivoyevich, 2:2 — 52 Ayyu“Liverpul”—“Tottenhem” 2:1
Gollar: 0:1 — 1 Keyn, 1:1 — 52 Xenderson, 2:1 — 75, penalti Saloh“Norvich”—“Manchester Yunayted” 1:3
Gollar: 0:1 — 21 Maktominey, 0:2 — 30 Reshford, 0:3 — 73 Marsyal, 1:3 — 88 ErnandesYanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)