Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2019-yil 22-oktabrda o‘tkazilgan majlisida “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi. Bu haqda quyi palata axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Qayd etilishicha, birinchi o‘qishdagi muhokamadan keyin mazkur qonun loyihasi mas’ul qo‘mita a’zolari, deputatlar, mutaxassis va ekspertlar ishtirokida joylarda keng muhokamadan o‘tkazilgan.

Ko‘rilgan choralar natijasida, mamlakatda davlat-xususiy sherikligi, autsorsing kabi zamonaviy mexanizmlar birinchi bo‘lib aynan maktabgacha ta’lim tizimiga keng ko‘lamda, samarali va sifatli joriy qilindi. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan bir qatorda, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari ham shiddat bilan rivojlanib, ular soni muttasil ko‘payib bormoqda, deyiladi xabarda.

Qonunchilik palatasi tomonidan ta’kidlanishicha, bu bolalarni har tomonlama yetuk, intellektual salohiyatli etib tarbiyalash, ma’naviy-estetik, jismoniy jihatdan rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, hujjat mamlakatda davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobatni vujudga keltirish orqali maktabgacha ta’lim bilan bolalar qamrovi ko‘lamini bosqichma-bosqich oshirishga, ularga soliq imtiyozlari va preferensiyalar, budjet subsidiyalarni ajratish hamda maktabgacha ta’lim-tarbiyaning muqobil shakllarini joriy etishga imkon beradi.

Ana shulardan kelib chiqib, majlisda “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonun deputatlar tomonidan qabul qilindi va ma’qullash uchun Senatga yuborildi.