O‘zbekistonda saylov kampaniyasi boshlandi. Partiyalar bu safar ancha faollik ko‘rsatmoqda va o‘ziga xos yangi uslublar bilan elektorat diqqatini tortishga harakat qilmoqda. “Daryo” ushbu kampaniyani kengroq yoritish va ovoz beruvchilarga partiyalar haqida ko‘proq ma’lumot berish maqsadida “Saylov oldidan” rukni doirasida partiyalar yetakchilari bilan suhbat uyushtirmoqchi. Rukn doirasida O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi raisi Aktam Hayitov “Daryo”ga partiyaning maqsadlari, amalga oshirmoqchi bo‘lgan o‘zgarishlari, shuningdek, shaxsiy hayoti haqida gapirib berdi.

Intervyu videosi bilan tanishishingiz mumkin. Quyida suhbat matnini keltiramiz.

Daryo: Ko‘pchilik partiyalarning odamlar bilan ishlashida muammolar bor, shu sababdan odamlar partiyalarni tanimaydi, ular haqida yetarli ma’lumotga ega emas degan fikrda. Bunga siz qanday qaraysiz?

Aktam Hayitov: Gapingizda jon bor, lekin so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi partiyalar ancha faollashdi. 20-sentabr kuni O‘zbekistonda 22-dekabr parlament saylovlari kuni ekanligi haqidagi xabar e’lon qilindi va shu kundan boshlab biz saylov jarayonlariga tayyorgarlikni boshladik. Eng ko‘p ovoz olish uchun hammamiz harakat qilyapmiz. Qaysi partiya o‘z dasturi orqali xalqni uning orzu-havaslarini ro‘yobga chiqarishga ishontira olsa va munosib harakat qilsa, shubhasiz, o‘sha ko‘p ovoz oladi va saylovda g‘olib bo‘ladi.

Foto: O‘zLiDeP

Yaqinda “Ijtimoiy fikr” markazi o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ovoz berganlarning 40 foizi qaysi partiyaga ovoz bermoqchi ekanligini bilmaydi. Bu biz ko‘proq xalq orasida ko‘proq ishlashimiz kerakligini anglatadi. Bir narsani ishonch bilan ayta olamanki, aholining partiyalar faoliyatidan xabardor aksariyat qismi O‘zLiDePni taniydi. Biz o‘zimizni yanada ko‘proq tanitishga harakat qilyapmiz. Bugungi kunda partiyamiz a’zolari soni 740 ming kishidan oshdi. Bu boshqa partiyalar bilan solishtirganda ancha ko‘p. Lekin mamlakatimizda 20 million saylovchi borligini hisobga olsak, bu hali kam. Deputatlarimiz va joylardagi vakillarimiz orqali uzoq-uzoq qishloqlarga borib xalqning muammolarini o‘rganish, ularning og‘irini yengol qilish borasida juda ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz kerak.

- Partiyalar faoliyati bu juda katta byurokratik tizim. Partiya faoliyatida juda ko‘p qog‘ozbozlik, hujjatbozlik ko‘zga tashlanadi. Bu mening shaxsiy mulohazalarim. O‘ylashimcha, siyosiy partiyalar birmuncha erkin faoliyat olib borishi, xalq ichida ishlashi, xalq bilan rasmiy tilda emas, xalq tilida gaplashishi kerak. O‘z shaxsiy tajribam va kuzatishlarimdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, O‘zbekistondagi partiyalar faoliyati bunday emas. Siz o‘z siyosiy partiyangiz faoliyatini qanday baholaysiz?

- Istaymizmi yo‘qmi, har bir siyosiy partiya o‘z siyosiy qurilmasiga, ijro apparatiga ega bo‘ladi va mashina kabi harakatlanadi. Mashina motori harakatlanishi uchun partiya o‘z elektorati – saylovchilariga ham va’da berishi, ham o‘sha va’daning ustidan chiqa olishi kerak.

Siz aytgan byurokratik tizim haqiqatan ham bugun bor. Qog‘ozsiz ish ilgarigi zamonda ham yurmagan, hozir ham yurmaydi. Agar odamlarning og‘irini yengil qila olsa, saylovchilarning muammolariga yechim topib bera olsa, u qog‘ozlar – yaxshi qog‘ozlar. Agar biz maqtanish yoki yutuqlarimizni ko‘z-ko‘z qilish uchungina ovoz to‘playdigan bo‘lsak, xalqning ishonchini yo‘qotamiz.

Foto: O‘zLiDeP

Bu yil bir narsani ishonch bilan aytishim mumkinki, biz saylovchilar bilan ishlash formatini o‘zgartirdik. Shu paytgacha bir yopiq xonalarda, kamiga maxsus tayyorlangan odamlar ishtiroki majlislar o‘tkazardik. Bunga hech kim e’tiroz bildirolmaydi. Lekin biz joriy yilda xalq bilan ochiq muloqot qilib, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham partiya a’zolarini, ham partiya faoliyatiga qiziquvchilarni – tarafdorlarimizni bir maqsad yo‘lida birlashtirishga harakat qilyapmiz. Xalqlar do‘stligi maydonida o‘tkazilgan bayram tadbirida, taxminlarga ko‘ra, 8–10 mingga yaqin tarafdorlarimiz ishtirok etdi. Tadbirga hech kimni hech kim majburlab olib kelgani yo‘q. Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon berdik xolos. Tadbirda odamlar o‘z ixtiyori bilan ishtirok etganining yana bir isboti shuki, e’tibor bergan bo‘lsangiz, bu yopiq tadbir bo‘lmadi, kim istasa bizni tark etishi mumkin edi va shu holatda ham ko‘pchilik biz bilan qoldi.

- Partiyaning odamlarga real foydasi qanday? Partiya faoliyatining ijobiy jihatlari nimada ko‘rinadi?

- Joylarda deputatlarimiz faoliyat olib boradi va ular partiya bilan chambarchas holatda ishlaydi. Xalq yaxshi taniydigan deputatlarimiz bor. Biz ularga dastur taqdim etamiz va shu dastur doirasida ular faoliyat olib boradi. Deputatlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda – yoshlar orasida faol ishlayapti, turli dolzarb va muammoli vaziyatlarda o‘z fikrlarini qo‘rqmay namoyish etyapti. Ayol deputatlarimizdan Xo‘jayeva Mavluda kabilar uzoq-uzoq qishloqlardagi ayollar masalasidagi muammolarga jiddiy e’tibor qaratmoqda; Boboyev Shuhrat aka yangi saylov kodeksini ishlab chiqishda o‘zining munosib hissasini qo‘shdi. Ular bugungi qonunlarimizning elektorat manfaatlariga mos kelishi va hamohang bo‘lishida muhim rol o‘ynamoqda.

- Malakali deputatlarimiz yetarli emas deb hisoblaysizmi?

- Professional va o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashadigan deputatlar kerak bizga. Afsuski, bundaylar hozir kam. Mendan nima javob kutayotganligingizni tushunib turibman. Biz hali o‘zimiz qilayotgan ishlardan qoniqayotganimiz, imkoniyatlarimizni to‘liq darajada ishga solayotganimiz yo‘q.

- Faraz qilamiz, saylov o‘tdi va ko‘pchilik ovoz to‘play olgan partiya sifatida O‘zLiDeP siyosat maydoniga keldi. Mana shu holatda o‘zbekistonliklar hayotida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi deb ayta olasiz? 

- Judayam to‘g‘ri savol berdingiz, saylovga qatnashayotgan har bir partiya o‘z dasturini elektoratga taqdim etadi. Sizning sohangizni hisobga oladigan bo‘lsak, biz dasturda sohangiz uchun cheklovlarsiz faoliyatni, ochiqlikni va’da beramiz. Siz o‘z so‘zingizni dadil aytishingiz kerak va bu yo‘lda sizning himoya qiladigan tizim bo‘lishi kerak. Maoshingiz ishingizga mos bo‘lishi, bolalaringiz yaxshi sharoitlarda yashashi, o‘qishi kerak. Biz shuni ta’minlashga harakat qilamiz.

Partiyamiz – tadbirkor va ishbilarmonlar harakati. Tadbirkorga nima kerak? Sog‘lom bozor muhiti, sog‘lom raqobat va uning faoliyatiga hech kim aralasholmaydigan tizim kerak. Biz shunga harakat qilamiz. Soliq yukini bosqichma-bosqich kamaytirib borish kerak – mana shu masalalarning barchasi saylovoldi dasturimizdan o‘rin olgan.

- O‘zbekiston siyosiy partiyalari, jumladan, siz rahbarlik qilayotgan partiya erkin, bosim va yuqoridan keladigan buyruqlarsiz faoliyat yurita oladimi? Partiyalar qay darajada erkin?

- Bugungi kunda hech kim partiyalar faoliyatiga aralashmaydi va aralashishga haqqi yo‘q. Partiyalarning o‘z syezdi, yuqori kengashi va boshqa tuzilmalari bor. Har bir partiya o‘z faoliyat dasturini o‘zi tasdiqlaydi va o‘zi ijro qiladi.

- O‘zbekistonda 10 minglab odamlarni ko‘chaga olib chiqish va tadbirlar o‘tkazish, menimcha, qiyinchilik bilan amalga oshadi. Siz yuqorida tilga olgan tadbir saylovoldi kampaniya tadbiri bo‘lgani sababli muammosiz o‘tdimi? Saylovlar o‘tgach ham ko‘p sonli aholi ishtirokida mana shunday ko‘lamdagi tadbirlar o‘tkazilishiga ruxsat beriladimi?

- Biz uch oy saylov hayoti bilan yashayapmiz. Har kim o‘z imkoniyati qadar elektoratni o‘z tarafiga og‘dirishga harakat qilyapti, ijtimoiy tarmoqlarda “jang”lar bo‘lyapti va buni xalq qiziqish bilan kutib olmoqda. Bu jarayonlar saylovdan keyin to‘xtab qolmaydi. Yetakchi o‘z yetakchiligini saqlab qolishi uchun doimiy tarzda dastakni ushlab turishi kerak.

- Bu savolni bermasam, o‘quvchilarimiz bizdan xafa bo‘lishi mumkin. Yaqinda Fermerlar kengashi raisi sifatida bergan bayonotingizda go‘sht narxi oshib ketayotganini tilga olib bunga asos sifatida aholining ko‘p go‘sht iste’mol qilayotganni aytdingiz. Bu fikringiz juda ko‘p qarama-qarshi muhokamalarga sabab bo‘ldi, ammo siz tomondan biror raddiya yoki tushuntirish berilmadi. Shu haqda nima deya olasiz? Hali ham shu fikrdamisiz? Fikrlaringizni qanday asoslaysiz?

- Bir narsaga xursandmanki, bu masala juda katta diqqat bilan, e’tibor bilan kuzatildi. Albatta, go‘sht iste’moli juda nozik masala, sababi go‘sht odam iste’mol ratsionidagi qimmat ozuqalar qatoriga kiradi. Men hozirgi gaplarim bilan hech kimni oqlamoqchi yoki hech kimga e’tiroz bildirmoqchi emasman. O‘sha paytda nutqdan aynan “Biz ko‘p go‘sht iste’mol qilyapmiz” so‘zlarining ajratib olinishi va asosiy planga olib chiqilishidan norozi ham emasman. Albatta, nutqning qiziqarli va e’tiborning tortadigan qismi shu edi. Men shu fursatdan foydalanib bu fikrga izoh bermoqchiman.

Birinchidan, “ko‘p go‘sht yeyapmiz” degani xalqimizning hammasi ko‘p go‘sht yeyapti degani emas! O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, rasmiy ravishda 1,4 million odam ishsiz. Ishsiz odamning ko‘p go‘sht yeyishga imkoniyati yo‘q-ku! Past daromadli, imkoniyati cheklangan aholi qatlami bor… Bu gapni aytishimga ikki sabab bor edi. Avvalo, respublika bo‘yicha go‘sht iste’moli yildan-yilga oshib bormoqda. Chunki har yili xalqimiz 500–600 mingga ko‘paymoqda. Aholi soni oshgach, tabiiyki, go‘shtga bo‘lgan talab oshadi. Buni raqamlarda ham keltirishim mumkin.

Ikkinchidan, aholining yaxshi yashaydigan, o‘ziga to‘q qatlami sonining oshib borishi ham go‘sht iste’molining oshishiga sabab bo‘lmoqda. Biz statistik natijalarni e’lon qildik. 2018-yil ko‘rsatkichlariga qaraydigan bo‘lsak, go‘sht iste’moli aholi jon boshiga 43 kilogrammni tashkil etmoqda. Agar bu ko‘rsatkichni 2010-yil bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, u davrda ko‘rsatkichlar bugungiga nisbatan kam bo‘lgan, ya’ni 33–34 kilogrammni tashkil qilgan. Umumiy iste’molni hisobini keltiradigan bo‘lsak, aholi 2000-yillarda 1 million tonna atrofida go‘sht va go‘sht mahsulotlarini iste’mol qilgan. 2018-yilga kelib bu ko‘rsatkich 1,5 million tonnaga yetdi. Haligi gap shu ma’noda aytilgan edi. Uning talqini sal yanglishroq bo‘ldi. Bir haftada yetarlicha go‘sht sotib olishga mablag‘i yetishmaydigan oilalar bor oramizda! Men qaysidir gapim bilan kimningdir ko‘ngliga tegib qo‘ygan bo‘lsam, ta’kidlab o‘tamanki, bunday maqsadim yo‘q edi.

- Kishi boshiga 43 kilogramm… Bu yetarlimi?

- Albatta, yoshga qarab norma o‘zgaradi. Insonning ozuqa iste’moli u sarflaydigan energiyaga darajasiga qarab o‘zgarib boraveradi. Jahon aholisining katta qismi o‘ziga to‘q yashaydigan davlatlari bilan solishtirganda, bu ko‘rsatkich bilan biz ancha orqadamiz, albatta. Biz xalqimizga munosib turmush darajasini yaratib berishni istasak, bu ko‘rsatkichni oshirishga harakat qilishimiz kerak. Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, bugun 92 foiz go‘sht aholi tomonidan yetishtirilyapti. 4–5 sotixli hovlida yashab ham 4–5 ta mol boqadigan oilaga oson emas. Biz proporsiyani saqlashimiz kerak, ya’ni hech bo‘lmaganda 10–15 foiz go‘sht fermer xo‘jaliklari tomonidan yetkazib berilishi kerak.

- Saylovchilar o‘zlari ovoz beradigan siyosiy shaxsning shaxsiy hayotiga ham qiziqish bildirishlari aniq. O‘zingiz haqingizda biroz gaplashsak. Sevimli ovqatlaringizni sanab bera olasizmi?

- Oshni yaxshi ko‘raman. Ko‘proq guruchli ovqatlarni iste’mol qilaman. Go‘sht mahsulotlaridan baliqni sevib iste’mol qilaman. Sutli mahsulotlarni ham tanovul qilaman.

- Siz ikkita idorada rahbar lavozimida ishlaysiz. Ishlaringiz ko‘pligi aniq. Oilangizga, farzandlaringizga qanchalik vaqt ajrata olasiz?

- Oyida hech bo‘lmasa 2–3 marta – yakshanba kunlari vaqt topib, oilam davrasida tushlik qilishga, oilam bilan bo‘lishga harakat qilaman. Shahar aylanamiz, piyoda sayr qilamiz, bu menga kuch beradi. Inson xohlasa, oilasiga vaqt topa oladi. Men vaqt topa olaman. Konstitutsiyada ham belgilanganki, ish kunlaridan tashqaridagi yakshanba kunda har kim o‘z kun grafigini o‘z ixtiyoricha tuza oladi. Bizda bunga imkoniyat bor. Eng muhimi – ishni to‘g‘ri tashkillashtirish.

- Sevimli kitobingiz?

- Marsel Brion, “Menkim, Sohibqiron jahongir Temur”, Li Kuan Yu, “Mamlakat taqdirini iste’dodli insonlar hal qiladi”.

- Bir oyda nechta kitob o‘qiysiz? Asosan qanday janrlarda?

Foto: O‘zLiDeP

- 2–3 ta kitob o‘qiyman. Tarixiy, siyosiy kitoblarni yaxshi ko‘raman.

- Sevimli filmlaringiz bormi?

- “Shum bola”, “To‘ylar Muborak” kabi o‘zimizning klassik filmlarimiz. Seriallar ham ko‘rib turaman. Tarixiy filmlarga qiziqaman.

- Kinoteatrga tushib turasizmi?

- Ochig‘i, kinoga bundan bir yil oldin tushgan edim. 3D formatda kino ko‘rgan edik, taassurotlar juda ajoyib bo‘lgan. Kino nomini eslay olmadim. Sarguzasht janrida edi.

- Sevimli siyosatchingiz kim?

- Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev; bundan tashqari, Li Kuan Yu, Den Syao Pinning siyosatlariga qiziqaman. Hozirgi zamon rahbarlaridan Xitoy rahbari Si Szi Pinning faoliyatini kuzataman, ayniqsa qishloq xo‘jaligi borasida amalga oshirayotgan ishlarini.

- Qaysi partiyani asosiy raqobatchingiz deb bilasiz?

- Albatta, XDPni. U muxolif partiya hisoblanadi. Bilishimizcha, bu partiyaning elektorati ham salmoqli, ularning o‘zi esa oxirgi paytlarda juda faol harakat qilmoqda.

- Ideologik jihatdan siz kimsiz? O‘ngchi, so‘lchi, kapitalist, liberal?

- Biz liberal partiyamiz. Liberal partiya rahbariman. O‘zim ham liberalman.

- Siyosatchi bo‘lmaganingizda, qaysi sohada faoliyat olib borgan bo‘lardingiz?

- O‘zi asl kasbim iqtisodchi menejer. Shu yo‘nalishda oliygohni bitirganman. Menimcha, shu sohani davom ettirardim.

- Hobbingiz nima? Qiziqishlaringiz bormi?

- Piyoda yurishni, mashg‘ulot zalida yugurishni, kurashni yoqtiraman. Umuman aytganda, sport.

- Qaysi gazetalarni va onlayn nashrlarni kuzatasiz?

- Hozir faoliyat taqozosi bilan juda ko‘p OAVni kuzatyapmiz. Albatta, top o‘nlikka kiruvchi saytlarni, “Daryo.uz” va “Kun.uz”ni kuzatyapmiz. Kim birinchiligini o‘zingiz hal qilib oling, lekin shu ikki saytning auditoriyasi va ta’sir doirasi katta.

O‘z gazetamiz – “XXI asr”ni, fermerlik faoliyatiga aloqador gazetalarni, “Xalq so‘zi”ni, xorijiy gazetalardan “Argumenti i fakti”ni kuzataman.

Blogerlarimiz faoliyati bilan ham juda qiziqaman. Masalan, “Davletov.uz”ni, Nozim Safarini, iqtisodchilarimizdan Yuliy Yusupovni, Behzod Hoshimov, Aziza Umarovalarni o‘qib boraman.

Eldar Asanov suhbatlashdi.