Toshkentda Turkiyzabon mamlakatlar transplantologlari hamjamiyati va Turkiya transplantologlari hamjamiyatining hamkorlikdagi III kongressi ish boshladi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ushbu tadbirda o‘zbekistonlik olimlar va shifokorlar bilan bir qatorda AQSh, Kanada, Shveysariya, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Turkiya, Ispaniya, Iordaniya, Misr, Bangladesh, Eron, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa mamlakatlardan 120 nafardan ziyod sohaning yetakchi mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Tadbirda ta’kidlanishicha, har yili dunyoda 136 mingdan ziyod bemorlarda transplantologiya — inson a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bajariladi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jumladan, hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yaqin qarindoshlardan bemorlarga jigar va buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti samarali amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda tibbiyot muassasalarida so‘nggi 2 yilda birgina buyrak transplantologiyasi amaliyoti 300 ga yaqin bemorda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Prezident tashabbusi bilan transplantologiya sohasini yanada rivojlantirishga oid chora-tadbirlar tobora takomillashmoqda. Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilgan bo‘lib, ushbu yangi tibbiy-ilmiy markazda ham bunday yangi texnologiyalarni joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

2019-yilda esa Namangan viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida buyrak transplantatsiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

Xabarda ta’kidlanishicha, zamonaviy tibbiyotning bunday muhim yutuqlarini tibbiyot amaliyotiga chuqur tatbiq etishda o‘zbekistonlik olimlarning Turkiyaning Anqara shahridagi Bashkent universiteti bilan hamkorligi muhim o‘rin tutmoqda. Bir guruh mutaxassislar xorijda malaka oshirib qaytgan. O‘zbekiston olimlari jahon va Turkiyzabon mamlakatlar transplantologlari hamjamiyatiga a’zo bo‘lgan.