1-oktabr, seshanba kuni Farg‘ona viloyatida xonadonga o‘g‘rilikka tushgan ikki jinoiy sherik xonadon egalari tomonidan “samosud” qilingan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2019-yil 1-oktabr kuni soat 06:30 da 1991-yilda tug‘ilgan Ahmadjon N. o‘z tanishi 1968-yilda tug‘ilgan Avaz bilan uchrashib, oldindan jinoiy til biriktirgan holda fuqaro Alijon T.ga tegishli bo‘lgan xonadonga yuzlariga niqob taqib kirgan.
Ular maxsus temir seyflarni ochishga mo‘ljallangan qo‘lbola usulda tayyorlangan temir moslama bilan qurollangan. Uyga yashirin ravishda kirgach, u yerda bo‘lgan temir seyfning eshigini qayirib ochib, seyf ichida bo‘lgan 12,5 million so‘m pullarni qo‘lga kiritgan. Ikki sherik pullarni xona ichida bo‘lgan yostiq jildga solib, xonadon hovlisini o‘ragan devor orqali chiqib ketayotgan vaqtida, Alijon T.ning turmush o‘rtog‘i Odina T. ularni ko‘rib qolgan. Ayol baland ovozda baqirib, qo‘shnilaridan yordam so‘ragan.
Ahmadjon N. va uning jinoiy sherigi xonadon devoridan oshib, ko‘chaga tushib qochib ketgan.
Odina T.ning yordam so‘rab baqirgan ovozini uning qo‘shnilari eshitib, xonadonga kirgan Ahmadjon N. va Avaz X.ni ushlash uchun boshqa qo‘ni-qo‘shnilari bilan birga ularni ortidan quvgan. Qo‘shnilar jinoiy sheriklarni Oltiqush qishlog‘ida joylashgan “Sultonboy” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi yer maydoni hududida ushlab olgan va “Mastona” bozorida ehtiyot qismlar savdosi bilan shug‘ullanib turgan Alijon T.ga bu haqida xabar bergan.
Alijon T. xonadonida o‘g‘irlik sodir etilganligi va jinoyatni sodir etgan shaxslar qo‘lga tushganligini bilib, zudlik bilan “Sultonboy” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi yer maydoniga qarindoshi bilan birgalikda yetib kelgan. Uning qarindoshi jinoyatni sodir etgan Avaz X.ni yuziga urib, o‘zlari bilan olib kelgan arqon yordamida uning bo‘ynidan bog‘lab, o‘sha joydagi terak daraxtiga bog‘lab qo‘ygan.
Ahmadjon N.ni esa o‘sha yerga to‘plangan mahalla fuqarolari urib, ushbu holatni videoga olgan. Mazkur videotasvirlar Telegram’dagi turli kanallar orqali tarqatib yuborilgan.
O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida Ahmadjon N. va uning jinoiy sherigi Avaz X. tomonidan yashirin ravishda o‘g‘irlangan 12,5 million so‘m pul, mazkur pul solingan bir dona yostiq jildi, bir dona niqob, bir dona temir seyfni ochishda foydalanilgan qo‘lbola temir moslama ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Mazkur holat yuzasidan 1-oktabr kuni Dang‘ara tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchi Ahmadjon N. va Avaz X. olgan tan jarohatlari yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza ko‘rigidan o‘tkazilgan.
Ular o‘z ko‘rsatmalarida Alijon T.ning xonadonida sodir etgan o‘g‘irlik holatiga to‘liq iqror bo‘lgan va sodir etgan qilmishidan pushaymonligini, ularga tan jarohati yetkazgan shaxslarga nisbatan hech qanday da’volari yo‘qligini, bu holat o‘zlarining ayblari bilan sodir bo‘lganligini bildirgan.
Gumonlanuvchi Avaz X. muqaddam ikki marotaba sudlanganligini hisobga olgan holda protsessual tartibida ushlangan va unga Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilib, gumonlanuvchi Ahmadjon N. va Avaz X.ga tan jarohati yetkazgan shaxslarni aniqlash va ularning harakatlariga qonuniy baho berish choralari ko‘rilmoqda.