Turkiya harbiy havo kuchlari qiruvchi samolyotlari Suriyaning Samalkada joylashgan chegara postlarini o‘qqa tutdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: Washington Post

“Suriya demokratik kuchlari” arab-kurd guruhining obyektiga uyushtirilgan hujum oqibatida ikkita ko‘prik vayron qilingan. Hujum natijasidan qurbon bo‘lganlar yo‘q.

Ushbu hujum haqidagi xabarlarga parallel ravishda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘li mamlakatning Suriya hududi yaxlitligiga hurmat bilan qarashini bildirgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, turk armiyasining hududdagi harakatlari vaqtinchalik ehtiyot choralari hisoblanadi.

Avval AQSh Turkiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlamasligi, shuningdek, ushbu harakatlar atrofida Amerika harbiylarining bo‘lmasligini bildirgan. “Suriya demokratik kuchlari” arab-kurd guruhi vakili esa ushbu bayonotni “ortdan turib pichoq sanchish” ekanligini aytgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on esa Anqara Suriyadagi harbiy harakatlarga tayyorgarlik ko‘rgani, AQShning “Kurdlar milliy himoya harakati” va “Kurdiston ishchi partiyasi”ni qo‘llab-quvvatlashiga ortiq ko‘z yumib bo‘lmasligini ma’lum qilgan.

Turkiya rahbari ushbu ikki guruhlar AQSh qanoti ostida Suriya shimolini boshqargani va ularning a’zolari terrorchilar ekanini qayd etgan.