Maktabgacha ta’lim vazirligi Bekoboddagi 15-sonli MTTdagi oziq-ovqatdan zaharlanish holatini chuqur o‘rganib chiqdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, bolalar zaharlangani haqidagi ma’lumot yetib kelishi bilan Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi Bekobodga jo‘natilgan.
Mavzuga doir: Bekobodda bog‘cha bolalari ovqatdan zaharlandi
O‘rganish jarayonida quyidagilar aniqlandi:
- MTT yangi maishiy muzlatgichlar bilan jihozlangan va ular ishchi holatida;
- xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘tganlar va sanitar kitobchasiga egalar;
- MTT suv ta’minotida uzilishlar bo‘lib turadi. “Ariston” suv isitgichi ishchi holatida emas;
- dezinfeksiya va yuvish vositalarining zaxirasi mavjud bo‘lishiga qaramay xodimlar ularni ishlatmaydilar;
- guruhlarda emallangan idish-tovoq yetarli emas;
- guruhlarga ichimlik suvi qo‘yilmagan;
- 27-sentabr kungi taomnomasiga bir-biriga mos kelmaydigan taomlar kiritilgan (bodring va kisel, quyultirilgan sut va olma);
Mavzuga doir: Bosh prokuratura Bekoboddagi bog‘chada bolalarning ovqatdan zaharlanish holati yuzasidan tekshiruv o‘tkazmoqda
Ayni vaqtda Bekobodning 15-sonli MTT faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. U yerda yuvish va dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, Bekobod shahar tibbiy birlashmasi yuqumli kasalliklar bo‘limiga 27-sentabr kuni 19 nafar bola “O‘tkir diareya, gastroenterit” dastlabki tashxisi bilan keltirilgan. Og‘ir holatlar qayd etilmagan, 3 bolaning holati o‘rta og‘irlikda, 15 nafari qoniqarli, 1 nafar bola uyga jo‘natilgan. Davolashdan so‘ng bolalarning barchasida tuzalish tomon ijobiy dinamika kuzatilmoqda.
Izoh (0)