YouTube’dagi War on Fear kanalida Xitoyning Uyg‘ur-Shinjon avtonom tumanida dron kamera yordamida tasvirga tushirilgan videosi joylashtirildi. Tasvirda yuzlab kishanlangan odamlarning ko‘zi bog‘liq holda yerda o‘tirgani va keyinchalik politsiyachilar tomonidan olib ketilayotgani aks etgan.

Foto: Gossipela

The Guardian’ga asoslanib Fergana nashrining xabar berishicha, dron yordamida uyg‘urlar va Shinjondagi boshqa millatga mansub mahbuslarning boshqa qamoqxonaga ko‘chirilishi tasvirga olingan.

Videoyozuvda Xitoyda ommalashgan uslubda sochlari qirib tashlangan sariq formadagi ko‘zlari bog‘langan mahbuslarning boshqa yerga ko‘chirilishi tasvirlangan.

Rolik tarmoqda o‘tgan haftada, 17-sentabr kuni paydo bo‘lgan. Avstraliya Strategik siyosat institutining (Australian Strategic Policy Institute) Kibernetik siyosat bo‘yicha mutaxassisi Natan Ruser rolikda quyoshning joylashuvi va boshqa sharoitlarni tahlil qilgan holda bu joy Shinjonning eng katta ikkita shahridan biri janubi-sharqda joylashgan Korlaning g‘arbiy qismidagi temiryo‘l stansiyasi ekanligi va voqealar 2018-yil avgustida bo‘lganini aniqlagan.

“Pekin g‘arbiy provinsiyani xitoylashtirishga urinmoqda. Uyg‘urlarga qarshi Shinjonda ommaviy bosim o‘tkazilayotgani haqidagi ma’lumotlar tarqalishi natijasida g‘arbdagi huquq himoyachilari va OAV e’tiborida bo‘lib turibdi. Ushbu bosim “qayta tarbiyalash lagerlarida” uyg‘urlar va boshqa kam sonli millatlar vakillarini xitoy tilini o‘rganish, Xitoy kommunistik partiyasini ulug‘lash va boshqa qoidalar to‘plamini eslab qolishga majburlanmoqda”, — deyiladi xabarda.

2018-yil oktabrida Xitoy hukumati ilk bor bu kabi lagerlarning mamlakatda mavjud bo‘lganini rasman e’lon qilgan. Avstraliya Strategik siyosat instituti o‘shanda o‘z rasmiy saytida e’lon qilgan tadqiqot xulosalarida lagerlar soni Shinjonda ikki baravarga ko‘paygani qayd etilgandi.