20-sentabr, juma kuni Toshkentda MOMIHga a’zo mamlakatlar energetika vazirlarining birinchi muloqoti hamda Markaziy Osiyoning “Energetika-investitsiya forumi—2019” tadbiri boshlandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova xabar berdi.
Markaziy Osiyoning energetika-investitsiya forumi ishtirokchilarning umumiy qutlovi hamda “Osiyoda investitsiyaviy to‘siqlarni yengib o‘tish: o‘tish davrida energetika bozorlariga biznesni jalb qilish” mavzuyidagi umumiy taqdimoti bilan ochildi.
Forumning birinchi kuni dasturidan taqdimotlar va muzokaralar o‘rin olgan bo‘lib, ularda energetika sektoridagi islohotlar masalasi investitsiyalar uchun maqbul muhit yaratish katalizatori sifatida ko‘rib chiqildi.
Birinchi kun MOMIH energetika vazirlari ishtirokidagi moderatsiya qilinayotgan podiumli munozara, shuningdek, B-2-B formatidagi uchrashuvlar bilan yakunlandi.
Forumning ikkinchi kunida, ya’ni 21-sentabrda Markaziy Osiyoda energetik o‘tishni (muqobil energiya manbalariga o‘tish) daromadli biznesga aylantirish masalasi ko‘rib chiqiladi. Ushbu mavzu yuzasidan OTBning energetika sektor bo‘yicha guruhi, Germaniya energetika agentligi chiqishlari tinglanadi. So‘ngra Power China International Group Limited, KB Global Investments, ACWA kompaniyalari rahbariyati a’zolari ishtirokida podiumli munozara o‘tkaziladi.
Shuningdek, o‘tish davridagi tavakkalchiliklar va daromadlarni barqarorlashtirish masalasi muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Unda OTB rahbariyati va gazni eksport qiluvchi mamlakatlar forumi kotibiyati taqdimotlari tinglanadi. So‘ngra yuristlar, bankirlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar, sug‘urta kompaniyalar va hukumatlar vakillari ishtirokida podiumli munozara o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu yerda xususan, Bayat Group, Ghazanfar Group, Samruk-Energo, Sapphire Group kompaniyalari, Qozog‘iston energetika birjasi rahbariyati a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bayon etadi.
Forumning ikkinchi kuni davomida mintaqaviy startaplar va energetik sektordagi biznes-modellar ko‘rib chiqiladi. Mavzu yuzasidan Power Ledger va Next Kraftwerke GmbH kompaniyalari rahbariyati vakillari so‘zga chiqadi. Undan so‘ng mintaqaviy startaplarning TedTalk formatidagi taqdimotlari, ovoz berish va eng yaxshi startaplar mualliflarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tadi.
Ishtirokchilar biznesni yuritish bo‘yicha umumiy mintaqaviy usullar va tamoyillarni muhokama qiladi. Turli Savdo palatalari va tadbirkorlar ham o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi.
Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (MOMIH) dasturi 2001-yilda Osiyo taraqqiyot banki tashabbusiga ko‘ra tashkil qilingan.
MOMIH dasturi rivojlanish bo‘yicha sheriklar qatoriga Ozarbayjon, Afg‘oniston, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mongoliya, Pokiston, XXR, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston kiradi.
Izoh (0)