Millionlab muxlislar intiqib kutgan futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar Ligasining 2019/20-yilgi mavsumiga ham start berildi.

Foto: Google Images

18-sentabr, chorshanba kuni 1-tur o‘yinlariga yakun yasaldi. “Daryo” esa odatdagidek tur tafsilotlarini bir sahifaga joyladi.

“A” guruhi

“Bryugge”—“Galatasaroy”

Foto: Google Images

Ancha yillik tanaffusdan so‘ng yevroarenaga qaytgan “Bryugge” musobaqaning ilk turini yozgi transferlar vaqtida yaxshigina kuchayib olgan “Galatasaroy”ga qarshi maydonga tushdi. Tomonlar har qancha harakat qilmasin, muxlislar ushbu uchrashuvda gol ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lmadi. Shu tariqa turk klubini oshno tutgan Radamel Falkao Chempionlar Ligasi ilk turini durang bilan boshladi.

PSJ — “Real Madrid” 3:0

Foto: Google Images

1-turning so‘zsiz markaziy uchrashuvlaridan biri Parijda bo‘lib o‘tdi. Unda mezbon PSJ musobaqa rekordchisi Zinedin Zidan boshliq “Real”ni qabul qildi. O‘yindan oldin Neymar, Kavani, Mbappesiz qolgan PSJning “Qirollik klubi”ga qarshi bahsda ancha qiynalishi taxmin qilingandi. Biroq taxminlar o‘zini umuman oqlamadi. Uchrashuvning 14 hamda 33-daqiqalarida Anxel Di Mariya sobiq jamoasi darvozasiga bir-biridan chiroyli ikkita gol urishga erishgan bo‘lsa, o‘yinga yakuniy nuqtani so‘nggi daqiqalarda Toma Menye qo‘ydi. Qayd etish joiz, Zidan shogirdlari PSJga qarshi o‘yinda darvoza tomon 1 ta ham aniq zarba bera olmadi. Bunday holat “Real” bilan Chempionlar Ligasida 167 ta o‘yindan beri sodir bo‘lmagandi. Ammo ta’kidlash kerak, Madrid futbolchilari bahsda ikkita gol urdi. Avvaliga Beylning goli to‘p qo‘l bilan o‘ynaldi deb topilib VAR yordamida bekor qilingan bo‘lsa, so‘ngra Benzemaning goli Lukas Vaskesning harakati sabab hisobga olinmadi. Ammo PSJ shu kuni Neymar, Kavani va Mbappesiz ham yaxshi o‘ynay olishi, eng asosiysi g‘alaba qozonishi mumkinligini futbol jamoatchiligiga ko‘rsata oldi. “Real”ning nursiz o‘yini esa hali Zinedin Zidan oldida ko‘plab ishlar kutib turganini ko‘rsatdi.

“B” guruhi

“Olimpiakos”—“Tottenhem” 2:2

Foto: Google Images

Turning eng qiziqarli uchrashuvlaridan biri Gretsiyada bo‘lib o‘tdi. Musobaqaning amaldagi vitse-chempioni “Tottenhem” “Olimpiakos” maydoniga safar qilib, g‘alabani qo‘ldan chiqardi. Pochettino shogirdlari birinchi bo‘limning 4 daqiqasi ichida Harri Keyn hamda Lukas Mouraning gollari evaziga 2 ta to‘p farqi bilan oldinga chiqib oldi. Ammo mezbonlar 44-daqiqada Daniel Podense hamda 54-daqiqada Matye Valbuenalarning gollari evaziga muvozanatni tikladi. Shu hisob o‘yin so‘ngiga qadar o‘zgarmay qoldi. “Shporlar” esa mavsumda uchinchi bor hisobda oldinda borib, g‘alabani boy berdi.

“Bavariya”—“Srvena Zvezda”

Foto: Google Images

Niko Kovach boshchiligidagi “Bavariya” 1-turni Serbiyaning “Srvena Zvezda” jamoasiga qarshi o‘tkazdi. Myunxenda bo‘lib o‘tgan bahs mezbonlarning 3:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunladi. Birinchi bo‘limda Kingsli Koman Boryan qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol qilgan bo‘lsa, Robert Levandovski hamda Tomas Myuller ikkinchi bo‘limning so‘nggi 10 daqiqasida bittadan gol urishga erishdi. Shu kuni myunxenliklar safida yozgi transferlar vaqtida ijaraga olingan Ivan Perishich hamda Filippe Koutinyolar klub bilan Chempionlar Ligasidagi debyutini o‘tkazdi.

“C” guruhi

“Shaxtyor”—“Manchester Siti”

Foto: Google Images

Premyer Liganing 5-turida “Norvich”dan tarsaki qabul qilib olgan “Manchester Siti” yevromavsumni eski tanishi “Shaxtyor”ga qarshi o‘yin bilan boshladi. Uchrashuvda hisob 24-daqiqada Riyad Mahrez tomonidan ochildi. Ikkinchi gol esa Ilkay Gundo‘g‘on tomonidan 38-daqiqada kiritildi. O‘yinga yakuniy nuqtani qo‘yish esa 76-daqiqada braziliyalik hujumchi Gabi Jezusga nasib etdi. Qayd etish joiz, ushbu jamoalar mazkur musobaqa doirasida beshinchi bor to‘qnash keldi. Bu o‘yinlarda “Siti” ukrainlar darvozasini jami 15 marta ishg‘ol qilishga erishdi.

“Dinamo Zagreb”—“Atalanta”

Foto: Google Images

Guruhdagi ikkinchi yo‘llanma uchun kurashishi taxmin qilingan “Atalanta” klubi Zagrebga safar qilib, kutilmagan natija bilan ortga qaytishga majbur bo‘ldi. Shu kuni mezbonlar “Dinamo” jamoasi “Atalanta”dan har jabhada ustulik qildi. Va buni ular hisobda ham aks ettirishga erishdi. Avvaliga Marin Leovats 10-daqiqada “Dinamo”ning o‘yindagi ilk golini urdi. Bellashuvning 31, 42 hamda 68-daqiqalarida musobaqadagi debyutini o‘tkazayotgan Mislav Orshich uchta gol urib, het-trikka erishdi. Shu tariqa Zagreb klubi musobaqani yirik hisobdagi g‘alaba bilan boshladi.

“D” guruhi

“Bayer”—“Lokomotiv”

Foto: Google Images

Qur’adan so‘ng mazkur guruh autsayderlari sifatida e’tirof etilgan Leverkuzenning “Bayer” hamda Moskvaning “Lokomotiv” klublari 1-turda o‘zara to‘qnashdi. O‘yindan oldin nemislar favorit sifatida e’tirof etilgandi. Biroq o‘yin buning tamoman aksini taqdim etdi. Moskvaliklar birinchi bo‘limdayoq o‘yin taqdirini hal etdi. Avvaliga 16-daqiqada Gjegoj Krixovyak o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygan holda “Loko”ni olg‘a boshladi. Oradan 9 daqiqa o‘tib, moskvaliklarning germaniyalik futbolchisi Benedikt Hevedes avtogol sohibiga aylandi. “Temiryo‘lchilar”ga g‘alaba keltirgan golga esa 37-daqiqada Dimitriy Barinov mualliflik qildi. Shu tariqa Yuriy Syomin jamoasi ilk turni sensatsion g‘alaba bilan boshladi.

“Atletiko”—“Yuventus”

Foto: Google Images

Turning yana bir markaziy bellashuvi Madriddagi “Vanda Metropolitano” stadionida kechdi. Unda musobaqaning o‘tgan mavsumida nimchorak finalda to‘qnash kelgan eski tanishlar: “Atletiko” hamda “Yuventus” o‘zaro to‘qnashdi. Birinchi bo‘limda muxlislar gol ko‘rmadi. Ikkinchi bo‘lim avvalida Xuan Kuadrado o‘zining aniq va chiroyli zarbasi bilan Turin klubini hisobda oldinga olib chiqdi. 65-daqiqada esa Ronaldu—Sandro kombinatsiyasini Blez Matyuidi gol bilan yakunlashga erishdi. Shundan so‘ng gol urish navbati madridliklarga keldi. Avvaliga 70-daqiqada Stefan Savich boshi bilan Shesni darvozasini ishg‘ol qilgan bo‘lsa, o‘yinning so‘nggi daqiqalari xuddi shunday ishni zaxiradan bahsga qo‘shilgan Ektor Errera ham uddaladi. Natijada tomonlar 2:2 hisobidagi jangovar durangga imzo chekdi.

YChL

1-tur bahslari

18-sentabr, chorshanba

“A” guruhi

“Bryugge”—“Galatasaroy” 0:0

PSJ—“Real Madrid” 3:0

Gollar: 1:0 — 14 Di Mariya, 2:0 — 33 Di Mariya, 3:0 — 90 Menye

“B” guruhi

“Olimpiakos”—“Tottenhem” 2:2

Gollar: 0:1 — 26, penalti Keyn, 0:2 — 30 Lukas Moura, 1:2 — 44 Podense, 2:2 — 54, penalti Valbuena

“Bavariya”—“Srvena Zvezda” 3:0

Gollar: 1:0 — 34 Koman, 2:0 — 80 Levandovski, 3:0 — 90 Myuller

“C” guruhi

“Shaxtyor”—“Manchester Siti” 0:3

Gollar: 0:1 — 24 Mahrez, 0:2 — 38 Gundo‘g‘on, 0:3 — 76 Gabriel Jezus

“Dinamo Zagreb”—“Atalanta” 4:0

Gollar: 1:0 — 10 Leovats, 2:0 — 31 Orshich, 3:0 — 42 Orshich, 4:0 — 68 Orshich

“D” guruhi

“Atletiko Madrid”—“Yuventus” 2:2

Gollar: 0:1 — 48 Kuadrado, 0:2 — 65 Matyuidi, 1:2 — 70 Savich, 2:2 — 90 Errera

“Bayer”—“Lokomotiv M” 1:2

Gollar: 0:1 — 16 Krixovyak, 1:1 — 25, avtogol Hevedes, 1:2 — 37 Barinov

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!

Muallif:Asror Abdunazarov