17-sentabr, seshanba kuni “Ozodlik” radiosi o‘z Telegram kanalida “Uyi kompensatsiyasiz buzilgan andijonliklar hokimlik oldida ochlik e’lon qildi” nomli maqola va videorolik joylashtirdi, deb yozadi “Aniq.uz”.

Foto: Facebook

Maqolada Andijon viloyati Baliqchi tumani “Iftixor” mahallasida yashovchi o‘nlab odam uyi buzilganlarga hokimiyat tomonidan tovon puli berilmayotganidan norozi bo‘lib, 16-sentabr kuni tuman hokimligi binosi oldida to‘planganligi ta’kidlangan. Videorolikda esa norozilar ochlik e’lon qilgani, kompensatsiya berilmagunicha ochlikni to‘xtatmasliklarini aytgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu videorolikdagi shaxslar Baliqchi tumani Chinobod shaharchasi “Iftixor” MFY Oydin ko‘chasidagi 65-sonli 2-qavatli umumiy uyda istiqomat qiladi.

Mazkur videorolik tuman hokimligi binosi oldida emas, balki shu yilning taxminan 27-iyul kuni Baliqchi tumani Oydin ko‘chasida tasvirga olingan bo‘lib, uning nusxasi ishtirokchilarda mavjud.

Joriy yilning 16-sentabr kuni Baliqchi tumanida hech qanday to‘planish yoki “norozilik aksiyasi” sodir etilmagan.

Ta’kidlash lozimki, yuqoridagi 65-sonli umumiy uy o‘rnida ilgari 18 ta xo‘jalik yashagan barak tipidagi 1 qavatli umumiy uy bo‘lgan. Mazkur uy binosi ma’nan eskirganligi sababli, ushbu joyda yashovchi aholining talabi bilan 2018-yilda tuman hokimligi tomonidan buzilib, o‘rniga 16 ta xo‘jalikka mo‘ljallangan 2 qavatli 65-sonli umumiy uy va 2 ta xo‘jalik uchun alohida-alohida kottej bank krediti asosida qurilgan va foydalanishga topshirilgan.

Hozirda ushbu uylarda 49 nafar fuqaro istiqomat qilayotgan bo‘lib, har bir xonadon oila a’zolari soniga qarab oyiga 500-700 ming so‘m kredit uchun to‘lovlarni amalga oshirishi belgilangan.

Shu bilan birga, mazkur umumiy uyda yashovchi 5 ta kam ta’minlangan xo‘jalik uchun dastlabki kredit to‘lovi davlat tomonidan qoplangan.

Biroq, shu yilning 29-iyul kuni soat 18:00 larda qayd etilgan umumiy uyda yashovchi, 1992-yilda tug‘ilgan Abdurahmon Sirojiddinov boshchiligida 15 nafar fuqaro “Baliqchi—Andijon” avtoyo‘lidan “Oydin” ko‘chasiga muyulishiga chiqib, 2018-yilda buzilgan uylari uchun kompensatsiya talab qilgan. Talablari bajarilmasa, mazkur jarayonni videotasvirga olib, “Ozodlik” radiosiga yuborishini po‘pisa qilgan.

Yuzaga kelgan holat bo‘yicha tuman hokimligi, IIB, Xalq qabulxonasi va boshqa tashkilotlar tomonidan norozilik bildirgan shaxslar bilan muzokaralar olib borilib, tuman hokimi tomonidan har oyda to‘lanadigan kredit to‘lovi ma’lum muddatga hokimlik hisobidan amalga oshirilishi aytilgan.

Shundan so‘ng, fuqarolarning eski buzilgan uylari uchun kompensatsiya pullarini to‘lab berish talabi bo‘yicha, tuman hokimligi vakillari ulardan eski uylarining kadastr xujjatlarini taqdim etishni so‘ragan. Boisi “barak”da yashaganlarning bir qismida egalik qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud emasligi edi.

Yengillik yaratish maqsadida tegishli kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib bo‘lgunga qadar, “Qishloq qurilish bank” tuman bo‘limiga fuqarolardan kredit to‘lashni talab qilmaslik yuzasidan ko‘rsatma berilgan.

Joriy yilning 10-sentabr kuni mazkur umumiy uyda yashovchi, 1961-yilda tug‘ilgan Muborakxon Muhiddinova (videorolikda so‘zlagan ayol) MFY raisi A.To‘ychiyevga yashayotgan xonadoni uchun kadastr hujjatlarini tayyorlashda yordam berishini so‘ragan. Aks holda u A.Sirojiddinov bilan birga norozilik uyushtirishini ma’lum qilgan.

Shundan so‘ng tuman hokimligi vakillari M.Muhiddinova bilan profilaktik suhbat o‘tkazib, uyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berishni o‘z zimmasiga olgan. Vaziyatdan foydalangan 1986-yilda tug‘ilgan Malohat Isoqova (qayd etilgan umumiy uyda yashovchi, Turkiyada mavsumiy ishlagan, turmushdan ajrashgan ayol) hokimiyat vakillariga zimdan ta’sir o‘tkazishni ko‘zlab, eski videorolik nusxasini “Ozodlik” radiosiga yuborgan.

O‘z navbatida joriy yilning 17-sentabr kuni viloyat va tuman hokimligi vakillari videorolikda tasvirga tushgan shaxslar hamda yuqoridagi umumhovlida yashovchi aholi vakillari bilan suhbat o‘tkazgan. Shuningdek, yuzaga kelgan muammoni ijobiy hal etish bo‘yicha o‘zaro kelishib olgan.

Suhbat davomida qayd etilgan uyda yashovchi fuqarolar ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan maqola noto‘g‘ri va videorolik eski ekanligini ta’kidlab, o‘zlariga ko‘rsatilayotgan yordamdan minnatdor ekanliklarini, e’tirozlari yo‘qligini ma’lum qilgan.

Уйи компенсациясиз бузилган андижонликлар очлик эълон қилди

Geplaatst door Шерзод Қосимов op Dinsdag 17 september 2019