Italiya janubida joylashgan Molize okrugi hokimiyati hududda o‘z biznesini tashkil etib restoran, kafe yoki mehmonxona yuritadigan fuqarolarga uch yil davomida oyiga 700 yevrodan mablag‘ to‘lashga tayyorligini bildirdi, deb yozmoqda The Guardian.

Foto: The Guardian

Amaldorlarning bunday qarorga kelishiga hududda mehnatga layoqatli yoshlarning kamayishi, qarilik ko‘rsatkichining oshib ketishi sabab bo‘lgan. Oxirgi besh yil ichida Italiyaning qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan ushbu hududini o‘n mingga yaqin aholi tark etgan. Ayni vaqtda okrugda 305 ming nafar odam istiqomat qiladi. Bir necha qishloq va shaharchalar huvillab yotibdi va aholining asosiy qismini nafaqaxo‘r qariyalar tashkil qiladi.

Taklifga ko‘ra, eng avvalo ikki mingdan kam aholi yashab kelayotgan qishloqlarga e’tibor qaratiladi. Amaldorlar bu kabi chora-tadbirlarning hududda aholi sonining ko‘payishi va tadbirkorlik rivojlanishiga yordam beradi deb ishonmoqda.

“Agar biz moliyalashtirishni taklif qilganimizda bu navbatdagi xayriya harakatiga aylangan bo‘lardi. Lekin biz ko‘prog‘ini kutyapmiz va odamlar bu yerga investitsiya kiritishi tarafdorimiz. Ular har qanday biznesni yo‘lga qo‘yishlari mumkin: nonvoyxona, kanselyariya mahsulotlari do‘koni, restoran va h.k. Biz ushbu yo‘l bilan shaharlarga qayta hayot bag‘ishlab aholi sonini oshirishimiz mumkin”, — deydi Molize okrugi prezidenti Donato Toma.

Boshqa hududlar ham Molize hokimiyati tutgan yo‘lni ma’qullamoqda.

Masalan, Sitsiliyada joylashgan Sutera kommunasi meri yangi aholi vakillarini jalb qilish maqsadida bo‘shab qolgan uylarni muhojirlarga berish va ko‘chmas mulkni bir yevrodan pullashni taklif qildi.

Italiya yoshi kattalar va yoshlar tafovuti bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda turadi, mamlakatdagi har bir yoshga 168,7 nafar 65 yoshdan katta bo‘lgan keksa odam to‘g‘ri keladi.

Dasturni amalga oshirish uchun million yevro atrofidagi mablag‘ sarf etiladi.