Turkmanistonning Lebap viloyatidagi Chorjoy tumanida qariyb 1 yildan ortiq vaqt davomida un davlat narxida sotilmay qo‘ydi, deb xabar bermoqda “Xronika Turkmenistana”.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Ma’lum bo‘lishicha, avgust oyida mahalliy ishlab chiqarilgan va sifati past bo‘lgan 50 kilogrammlik qopdagi unni xususiy savdogarlardan 100 manatga sotib olish mumkin bo‘lgan. Ammo oxirgi vaqtlarda uni hatto 200 manatga ham topib bo‘lmay qolgan.

Un bilan bog‘liq vaziyat Lebap viloyatining ma’muriy markazi bo‘lgan Turkmanobodda bir muncha yaxshiroq. U yerda Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan 1 qop unni 200—230 manatga sotib olish mumkin.

Ammo hatto u yerda ham non narxi sezilarli ko‘tarilgan. Iyulda sutga qorilgan yopgan non 3 manat turgan bo‘lsa, hozir 5 manat. Quruq sutga qorilgan yopgan non 5 manatdan 7 manatga qimmatlagan, patir non narxi esa 5 manatdan 8 manatga oshgan.

Xabarda qayd etilishicha, mamlakatning boshqa viloyatlarida ham un anchadan beri davlat tomonidan belgilangan narxda sotilmayapti.

Bundan avval Turkmaniston sharqida sotuvda mahalliy un yo‘qolib qolgani, non ikki baravar qimmatlagani haqida xabar berilgandi.