Buyuk Britaniyaning Times Higher Education (THE) nashri dunyoning eng yaxshi universitetlari reytingini e’lon qildi.
Ushbu nashr har yili dunyo OTMlar reytingini tuzadi va uning reytingi dunyodagi nufuzli reytinglardan biri hisoblanadi. Reytingda dunyoning 86 mamlakatidan 1250 OTM o‘rin olgan.
Reytingda yetakchilikni 2018-yildagi kabi Oksford universiteti (Buyuk Britaniya) egalladi. Kuchli 5 talikka, shuningdek, Kaliforniya texnologiya universiteti (AQSh), Kembrij universiteti (Buyuk Britaniya), Stenford universiteti (AQSh) va Massachusetts texnologiya universiteti (AQSh) kirdi.
THE reytingidan, shuningdek, Rossiyaning 39 ta, Qozog‘istonning 2 ta OTM o‘rin oldi. O‘zbekistonning esa birorta oliy o‘quv yurti joy olmadi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi taklifi bilan 2019-yilning 28-avgust kuni Times Higher Education xalqaro reyting agentligi yetakchi eksperti Nikola Xorsman va strategik mahsulotlar va qarorlar bo‘yicha direktori Maykl Karuana O‘zbekistonga tashrif buyurgan edi.
Ular O‘zbekistondagi nufuzli universitetlar faoliyatini xalqaro reyting agentliklari metodologiyasi asosida 13 ta indikator yordamida tahlil qilgan hamda dunyoning kuchli universitetlari ro‘yxatiga kirish uchun qilinishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan zarur tavsiyalarni bergan.
Izoh (0)