Ittifoq raisi Alisher Sa’dullayev 8-sentabr kuni “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida tashkilotga a’zolik bekor qilinganini e’lon qilgan. Ushbu ma’lumotni “Daryo”ga tashkilot matbuot xizmati tasdiqladi.

Foto: Yoshlar ittifoqi matbuot xizmati

“Yoshlar ittifoqida a’zolik bo‘lmaydi, yoshlar bilan ishlashda ularning O‘zbekiston farzandi ekanligining o‘zi ular bilan ishlashga yetarli asos”, — degan Alisher Sa’dullayev “Tahlilnoma” dasturiga bergan intervyusida.

Shuningdek, endilikda Yoshlar ittifoqi raisi o‘rinbosarligi va hududiy kengashlar boshqaruv lavozimlariga nomzodlar tanlov orqali qabul qilinishi haqida ma’lum qilingan.

Ta’kidlanishicha, tadbirbozlikdan holi yosh liderlarni shakllantirish, tashkilot budjetini ochiqlash, yoshlar uchun grantlar e’lon qilish tashkilotning kelgusidagi rejalari qilib belgilangan.

Avvalroq O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimda ishlab kelgan Alisher Sa’dullayevning Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi etib tayinlangani haqida xabar berilgandi.