Buxoroda mart oyida Shuxov minorasi qaytadan ishga tushgani haqida xabar berilgan edi. Biroq Facebook foydalanuvchisi Rustam Husanovning ta’kidlashicha, buning ortida ikki fransuz turgani haqida hech qayerda bir og‘iz bo‘lsa-da tilga olinmadi.

Foto: Facebook / @magic.uz

Rossiyaning eng yaxshi muhandisi tomonidan olis Buxoroda bunyod etilgan 90 yillik giperboloid tartibga keltirilib, insoniy bir ko‘rinishga keltirilishi uchun 200 ming yevro sarmoya kiritgan fransuzlar — Teunis va Katrin Uiterjiklar oilasidir.

Oila restavratsiya xarajatlarini qopladi, lift sotib oldi, tungi yoritishni tashkil etib, birinchi qavatida yaxshigina qahvaxonani ishga tushirdi. Barcha mehmonlarni minora tarixi, Shuxov haqidagi qisqa metrajli film tomoshasiga taklif etishadi, atrof esa jahondagi shunga o‘xshash minoralarning suratlari bilan bezatilgan.

Kiritilgan pul investitsiya sifatida hisobga olingan, biroq bu odamlar faqat Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi sahifasidagina eslab o‘tilgan, xolos. Fransuzlar bilan birga ushbu loyihada buxorolik Suhrob Bobokalonov ham qatnashgan. Uni ham Fransiya elchixonasi kamtarona xabarcha bilan qayd etib o‘tgan.

Odamlar, sizga katta rahmat!

Rustam Husanov, Facebook foydalanuvchisi