Muhandis Vladimir Shuxovning “To‘rsimon dastxat”i bugun yana qayta jonlandi, deya xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

92 yoshli suv inshooti tarixiy va hamisha navqiron Sharq javohirining arxitektura qadamjosi sifatida ishlashni boshladi.

Joriy yilning 24-mart kuni “Shuxov minorasi”ning tantanali ochilish marosimida Buxoro viloyatining turizm masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari B.Shahriyorov, Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Violen de Vilmor xonim, Buxoro shahar hokimi K.Kamolov, Buxoro viloyati turizmni rivojlantirish bo‘linmasi rahbari F.Xo‘jayev, Buxoro shahar Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i va xorijlik mehmonlar ishtirok etdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Qizil tasmani kesish marosimidan so‘ng video rolik tomosha qilish orqali mehmonlar ushbu minora tarixi bilan yaqindan tanishdi. Binoning birinchi qavatida kafe, avia va temiryo‘l chiptalari kassalari, shahar mehmonlari uchun info markazlarni ochish rejalashtirilgan.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati

Ichkarida qurilgan lift orqali yuqoriga ko‘tarilganda tashrif buyurganlarni ikkinchi qavatdagi restoran mamnun etgan. Bu to‘rli imoratning uchinchi qavatidanoq binokl orqali sirli Buxoroning ertaknoma go‘zalligini kuzatish imkoni mavjud. Bu esa turizm sohasida yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati