Budjetdan mablag‘ ajratishdagi uzilishlar sababli O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi xodimlarining avgust oyi uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan maoshlari kechikmoqda. Bu haqda “Daryo”ning Yoshlar Ittifoqidagi manbasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yilning ikkinchi yarim yilligi uchun Moliya vazirligi tomonidan Yoshlar Ittifoqiga mablag‘ ajratilishi kechikkan. Shu sababli maoshlar to‘lanishida uzilishlar bo‘lmoqda.
Bugungacha Ittifoqning faqat Markaziy kengashi xodimlari oylik maoshlarini olgan. Kengash qoshidagi 17 ta tashkilot va hududiy kengash xodimlarining avgust oyi uchun ish haqi hali berilmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Ittifoq tizimida 1,5 ming atrofida xodim ishlaydi.
Yoshlar Ittifoqidan “Daryo”ga ma’lum qilishlaricha, yaqin vaqt ichida maosh uchun mablag‘ ajratilishi kutilmoqda va “bu uzilishlar tez orada bartaraf etiladi”. Ma’lumot uchun, Yoshlar Ittifoqi faoliyati uchun har yili davlat budjetidan 200 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.
Avvalroq O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev lavozimini tark etgani haqida xabar berilgan edi. Uning o‘rnini shu paytga qadar Yoshlar Ittifoqi Markaziy Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimda ishlab kelgan Alisher Sa’dullayev egallagan edi.