Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani yong‘in-qutqaruv qismiga 7-sentabr, shanba kuni soat 18:38 da “Yakkamulla” MFYda joylashgan Silk Road Gas Service MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida avtomobil yonayotganligi haqida xabar kelib tushgan.
Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatining xabar berishicha, 2 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmasi chaqirilgan manzilga soat 18:48 da yetib borgan va soat 18:53 da yong‘in o‘chirilgan.
Hodisa oqibatida Kia Forte rusumli avtomobil to‘liq yonib zararlangan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.
Yong‘inga avtomobilga siqilgan gazni to‘ldirgandan so‘ng gaz shlangi uzilmasdan avtomobilning harakatlanib ketishi sabab bo‘lgan deb taxmin qilinmoqda.