1–8-sentabr kunlari Rossiyaning Anapa shahrida “Kinoshok” XXVIII ochiq festivali bo‘lib o‘tdi. Uning yopilish marosimida festival g‘oliblari e’lon qilindi. O‘zbek kinoijodkorlarining “Issiq non” filmi festivalning bosh sovrinini qo‘lga kiritdi.
“Kinoshok” Anapada 1992-yildan buyon o‘tkazib kelinadi. Unda MDH va Boltiqbo‘yi mamlakatlari kinochiligi vakillari, shuningdek, boshqa o‘lkalardan mehmon ishtirokchilar qatnashib keladi. “Kinoshok” Rossiyadagi eng yirik kinofestivallardan biri hisoblanadi.
Festivalning bosh mukofoti – gran-prisi “Oltin novda” deb ataladi. Joriy yilda uni o‘zbekistonlik rejissor Umid Hamdamov ijodiga mansub “Issiq non” filmi qo‘lga kiritdi.
Film 13–14 yoshlar orasidagi Zulfiya ismli qiz (Zarina Ergasheva ijrosida) haqida hikoya qiladi. Maktab-internatda yashagan qiz bundan buyon onasi bilan birga bo‘lish orzusida bu maskanni tark etadi, ammo uni buvisi (Munavvara Abdullayeva) o‘z qishlog‘iga olib ketadi. Shundan so‘ng nabira va buvi o‘rtasidagi murakkab munosabatlar boshlanib ketadi.
O‘zbekistonda film ko‘pgina kinotanqidchilar va jurnalistlar tomonidan ijobiy kutib olindi hamda aktyorlar ijrosi, postanovka va umumiy mazmuni uchun maqtovlarga sazovor bo‘ldi. Shu bilan birga, ayrim mutaxassislar kartinaning kamchiliklariga ham e’tibor qaratdi. Jumladan, san’atshunos Hasan Toshxo‘jayev o‘zining taqrizida filmda ortiqcha personajlar borligini ta’kidlaydi, lekin umuman olganda filmni yuqori baholaydi. Ayni paytda, yana bir o‘zbekistonlik san’atshunos – Aleksey Ulko Facebook’dagi muhokamalardan birida “Issiq non” o‘zbekistonliklarga yaxshi tanish emasligini aytib o‘tdi:
“Ammo bu O‘zbekistonda mashhur kino emas, u ‘festival filmi’ va butunlay oriyentalistik ruhga yo‘g‘rilgan bo‘lib, kolonial narrativlarni qo‘msayotgan Rossiya ziyolilariga mo‘ljallangan”.
Bosh mukofotdan tashqari, “Issiq non” yana qator nominatsiyalarda g‘olib keldi. Jumladan, Zulfiyaning kelinoyisi rolini ijro etgan Feruza Saidova to‘liq metrajli filmdagi eng yaxshi ayol roli nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi. Film bastakori Toir Qo‘ziyevning mehnati ham e’tirof etildi – u to‘liq metrajli filmdagi eng yaxshi musiqa nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.