Andijon viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Abdujabbor Egamberdiyevdan “Daryo”da 25-iyul kuni “Andijondagi ko‘zbo‘yamachilikda aldangan ayol bir umrga Rossiyaga ketishga qaror qildi” hamda 29-iyul kuni “Andijondagi ko‘zbo‘yamachilikda aldanib, bir umrga Rossiyaga ketishga qaror qilgan ayol o‘z joniga qasd qilishga urindi” sarlavhali maqolalariga raddiya kelib tushdi.
Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyati hokimligi vakillari ijtimoiy himoyaga muhtoj olti nafar sex ishchisiga yangi qurilayotgan kottejlardan sovg‘a sifatida bittadan berilishini ma’lum qilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning may oyida Andijonga tashrifi vaqtida ishchilardan faqat bir nafariga kottej sovg‘a qilingan. Tashrifdan so‘ng viloyat hokimligi mas’uli talabiga ko‘ra, qolgan besh nafar ishchi yangi qurilayotgan to‘rt qavatli uylardan xonadon ajratish va’da qilingan holda kottejlardan ko‘chirilgan.
Ushbu masalani o‘rgangan Bosh prokuratura viloyat hokimligi mutasaddilari besh nafar ayolga kottej berilishini va’da qilib, ulardan bu haqda OAVga intervyular olinishiga erishib, kottejlarga ularni uy egasi sifatida kiritib qo‘yib, biroq yakunda ularga kottej ajratmasdan, ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilganini aniqlagan edi. Bosh prokuratura “Andijoncha spektakl” bo‘yicha ayrim shaxslar jazolangani, mansabdorlar ogohlantirilganini aytdi, biroq ularning kimligini oshkor etmadi.
“Andijondagi ko‘zbo‘yamachilikda aldangan ayol bir umrga Rossiyaga ketishga qaror qildi” nomli maqolada “ko‘zbo‘yamachilik” tufayli kottej ololmagan tikuvchi Muyassar Rahimova bilan “Daryo” muxbiri o‘tgan vaqt mobaynida jabrdiyda ayollarga qanday munosabatda bo‘lingani, kottej o‘rniga ko‘p qavatli uy berish ishlari qay darajada ketayotgani haqida suhbat qurgan. Muloqot davomida Muyassar Rahimova Rossiyaga bir umrga ko‘chib ketish niyati borligini aytib o‘tgandi.
“Andijondagi ko‘zbo‘yamachilikda aldanib, bir umrga Rossiyaga ketishga qaror qilgan ayol o‘z joniga qasd qilishga urindi” nomli maqolada esa 23-iyul kuni Muyassar Rahimova o‘z joniga qasd qilishga uringani va “Daryo” muxbiri ayolning o‘z joniga qasd qilish sabablarini o‘rganish uchun qilgan suhbatida Muyassar Rahimova “Hammani qaqshatib, bolalarni ko‘chaga qo‘yib qurilayotgan Andijon City’ning kimga keragi bor edi”, degan savolni o‘rtaga tashlagan edi.
Andijon viloyati hokimligidan kelib tushgan raddiyada har ikkala maqola muallifi Musulmonbek Ibrohimov holatni to‘la o‘rganmasdan, bir taraflama, noxolis yozgani bayon etilgan.
Andijon viloyati hokimligida ushbu raddiyani tayyorlaganlarga shuni eslatib o‘tish joizki, birinchi maqola intervyu janrida yozilgan. Suhbatdosh holat yuzasidan o‘z fikrlarini bayon etgan. Intervyu janrida faktlarni to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini o‘rganish shart emas. Ikkinchisi esa xabar janrida yozilgan. Undagi faktlar Bosh prokuratura, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Muyassar Rahimova bergan ma’lumotlarga ko‘ra tayyorlangan.
Hokimlik tomonidan taqdim etgan raddiyada keltirilgan ma’lumotlar “Daryo” muxbiri tomonidan o‘rganib chiqildi. Quyida Andijon viloyati hokimligi taqdim etgan faktlar va muxbir tomonidan aniqlangan ma’lumotlar taqqoslanadi.
“Andijondagi ko‘zbo‘yamachilikda aldangan ayol bir umrga Rossiyaga ketishga qaror qildi” nomli maqola bo‘yicha faktchek
1.1
70 kunlik mehnatga aylangan 70 ta ish
Hokimlik: Muyassar Rahimova ushbu tikuvchilik majmuasiga 2018-yil 12-oktabr kuni ishga qabul qilingan. Qabul qilingan kundan boshlab 2019-yilning may oyigacha 70 (yetmish) kun mehnat qilgan. Jumladan, 2018-yil oktabrda 3 kun, noyabrda 12 kun, dekabrda 19 kun, 2019-yil yanvarda 9 kun, fevralda 16 kun, martda 5 kun, aprelda 6 kun korxonaga ishga kelganligi korxona ustasi K.Avazmetov tomonidan ishchilarning ish vaqtini hisobga olish jadvali (tabel)da belgilangan. Tabelga asosan o‘tgan vaqt davomida ishlagan oylik ish haqi 3 million 427 ming 524 so‘mni tashkil etgan. Jami 1 million 30 ming so‘m ish haqi olgan. Pensiya fondi uchun 171 ming 948 so‘m jamg‘arilgan. Qolgan 2 million 397 ming 524 so‘m miqdoridagi ish haqlari uy-joyga dastlabki to‘lov uchun yig‘ib borilgan.“Daryo”: Muyassar Rahimovani tikuvchilik majmuasiga 2018-yil 12-oktabr kuni ishga qabul qilishda bir qator mehnat qonunchiligi normalari qo‘pol ravishda buzilgan. Ushbu masalaga quyida yana qaytamiz.
Majmuada xodimlarning ishga kelib-ketishi bo‘yicha asoslantiruvchi hech qanday qayd etish kitobi mavjud emas. Xodimlar qachon kelgani va ketishini o‘z imzolari bilan tasdiqlovchi tabel yo‘qligi aniqlandi. Majmua bosh buxgalteri yuqoridagi ma’lumot Rahimovaning necha kun ishga kelib ketgani emas, balki, qilingan ishlarini topshirgan sanasiga ko‘ra tuzib berilganini aytib o‘tdi. Ya’ni xodimlar o‘zlari tikkan ishlarini har kuni emas, balki bir necha kundan keyin, to‘plab topshirishi ma’lum bo‘ldi. Hokimlik bergan ma’lumotdagidek Muyassar Rahimova tikuvchilik majmuasida jami 70 (yetmish) kun mehnat qilgan emas, balki 70 marotaba ish topshirgan.
Rahimovaning aytishicha, qilingan ishlarga qanchadan haq to‘lanayotgani aytilmagan. Ish yurituvchilar kim qancha ishlaganini daftarga qayd etib borgan, lekin oyma-oy qancha ish bajarilgani haqida axborot berilmagan. Ikki smenada va qo‘shimcha ishlagani bo‘yicha to‘lanishi kerak bo‘lgan mablag‘larni to‘lash paysalga solib yurilgan va to‘lab berilmagan. To oradan 5 oy o‘tgandan so‘ng, 2019-yilning mart oyiga kelib, ish beruvchi hamda xodimlar o‘rtasida tushunmovchiliklar bo‘lavergach, ish yuritish boshqa odamga topshirilgan va hisob-kitoblar iziga tushgan.
1.2
Bank hisob raqamiga asossiz o‘tkazilgan pul
Hokimlik: 2019-yilning 15-fevral kuni Andijon shahrida yangi barpo etilgan “Mustaqillikning 27 yilligi” mahalla fuqarolar yig‘inida quriladigan ko‘p qavatli uylardan ipoteka krediti asosida 3 xonali kvartira uchun “Qishloq qurilish invest” IK MChJ bilan 2/5-sonli shartnoma tuzilgan. Shartnoma Rahimovaning o‘zining roziligi bilan tuzilgan va imzolangan. Boshlang‘ich badal sifatida 22-may kuni holatiga ko‘ra 14 million 800 ming so‘m o‘tkazilgan. Shundan 2019-yilda ishlagan maoshining 2 million 397 ming 524 so‘mi o‘z ish haqi hisobidan bo‘lgan. Rahimovaning 2019-yil 13-iyun kuni o‘zi va farzandining salomatligi yaxshi emasligi va moddiy jihatdan qiynalib qolganligi uchun ko‘mak so‘rab qilgan murojaatiga asosan ushbu mablag‘ ham qaytarib berilgan. Uy-joy uchun 2019-yil 28-iyun kuni qo‘shimcha 1 million 200 ming so‘m, jami 16 million so‘m mablag‘ korxona tomonidan o‘tkazib berilgan.“Daryo”: 2019-yilning 15-fevral kuni “Qishloq qurilish invest” IK MChJ bilan fuqaro Muyassar Rahimova o‘rtasida tuzilgan 2/5-sonli shartnoma fevral oyidayoq o‘z kuchini yo‘qotib bo‘lgan. Sababi shartnomaning 4.2 bandiga ko‘ra, xaridor tomonidan mazkur shartnoma tuzilganidan keyin 5 (besh) bank kuni mobaynida bankka dastlabki badal qo‘yilmaganda shartnoma bekor qilinishi qayd etilgan. Boshlang‘ich badal esa 2019-yil 22-may kuni, ya’ni oradan 3 oy o‘tgandan so‘ng OATB “Qishloq qurilish bank” Andijon viloyati mintaqaviy filiali hisob raqamiga o‘tkazilgan. Aniqrog‘i, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijonga tashrifidan keyin andijoncha “spektakl” ommaviy axborot vositalarida yortilgandan so‘ng ko‘p qavatli uydagi xonadon uchun mablag‘ ajratilgan. Rahimovadan tashqari yana 5 ta xodim bilan shunday holat kuzatilgan.
“Qishloq qurilish invest” IK MChJ Andijon filiali mutaxassisi Fayzullo Iboydullayev bergan ma’lumotga ko‘ra, shartnoma shartlaridagi muddatni o‘zgartirish bo‘yicha fuqaro bilan hech qanday qo‘shimcha shartnoma tuzilmagan. Muyassar Rahimova ham buni tasdiqladi.
Ayon bo‘ladiki, Rahimovaning uyi uchun mablag‘ bank hisob raqamiga hech qanday asoslarsiz o‘tkazib yuborilgan. Bunday vaziyatda bank asoslantirilmagan mablag‘ni kirim qilmasdan, qaytarib yuborishi lozim edi. Ushbu holatga mas’ul idoralar oydinlik kiritadi, degan umiddamiz.
1.3
Hech qanday asoslarsiz ish haqidan ushlab qolingan pullar
Hokimlik: Majmuada mehnat qilayotgan uy-joy bilan bog‘liq muammolari bor, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan 42 nafar xodimni ham ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uy-joy bilan ta’minlash maqsadida “Qishloq qurilish invest” IK bilan 15-fevral kuni shartnomalar tuzilgan bo‘lib, 605 million 626 ming so‘m dastlabki to‘lov uchun mablag‘lar o‘tkazib berilgan. Ushbu mablag‘larning 86 million 226 ming so‘mi uy oluvchilarning jamg‘arib borilgan ish haqlari hisobidan, 519 million 400 ming so‘mi korxona sof foydasi hisobidan o‘tkazib berilgan. Ushbu uy-joylar 2019-yilning sentabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.“Daryo”: Xodimlarning ish haqidan jamg‘arib boriladigan hisob raqamiga mablag‘ ushlab qolish bo‘yicha rozilik xati olinmagan. Hech qanday asoslarsiz ish haqidan pul ushlab qolganini majmua bosh buxgalteri tasdiqladi.
1.4
Er tomonidan talon-toroj qilingan kredit
Hokimlik: Muyassar Rahimova 2018-yilning 3-iyul kuni “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida 36 oy muddatga 7 foiz ustama to‘lash sharti bilan “O‘zsanoatqurilishbank” viloyat bo‘limi tomonidan qandolatchilik faoliyatini rivojlantirish uchun 17 million so‘m imtiyozli kredit olgan. Bu mablag‘ u tomonidan maqsadsiz sarflangan.“Daryo”: Muyassar Rahimova sobiq turmush o‘rtog‘i bilan birga yashab yurgan vaqtida kredit olganini tasdiqladi. Lekin kredit mablag‘lari uning sobiq eri tomonidan talon-toroj qilib yuborilgan. Muyassar Rahimova ushbu so‘zlarini hatto, sudda ham aytishga tayyorligini ma’lum qildi.
1.5
Kechikkan aliment
Hokimlik: Rahimovaning shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i tomonidan 3 nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun 2019-yil fevral oyidan aliment tayinlangan. Shu kunga qadar 2 million 772 ming 302 so‘m aliment olgan.“Daryo”: Hokimlik vakillari “Ajrashmagan vaqtimda ham turmush o‘rtog‘im pul bilan ta’minlamasdi” jumlasini yana qaytadan uch marotaba o‘qib chiqishlarini so‘ragan bo‘lar edik. Bu yerda gap ajralishdan avvalgi vaqt haqida ketmoqda.
Aliment masalasiga keladigan bo‘lsak, fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon viloyat Andijon tumanlararo sudi 2018-yil 26-noyabr kuni Rahimovaning sobiq turmush o‘rtog‘idan aliment undirish bo‘yicha buyruq chiqargan. Olib borilgan ijro harakatlari natijasida undiruvchi Rahimova foydasiga 2019-yil fevral holatiga ko‘ra, aliment to‘lovchida qarzdorlik 1 million so‘mni tashkil qilgan. Lekin aliment to‘lovchidan Rahimovaga sud buyrug‘idan 4 oy o‘tgandan so‘ng, aniqrog‘i, 2019-yil 5-aprel kuni fevral va mart oylari uchun 801 ming so‘m kelib tushgan. Shundan buyon Rahimovaga sobiq eri tomonidan aliment pullari to‘lab kelinmoqda. Biroq Majburiy ijro byurosidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2019-yil avgust holatiga ko‘ra aliment to‘lovchining Rahimova oldida 700 ming so‘m qarzdorligi mavjud.
Mutasaddilarga bir savol: Rahimova aliment pulini olgunga qadar besh oy davomida uch nafar voyaga yetmagan bola bilan qanday qilib kun kechirgan? Rahimova tikuvchilik majmuasidan o‘rtacha 200 ming so‘m olib turgan ham deylik, bu summa uch nafar bola va o‘zining yeb-ichishi va kun kechirishiga yetadimi?
1.6
Soxta hujjatlar
Hokimlik: Bugungi kunda ushbu korxonada jami 97 nafar ayol mehnat qilmoqda. Ishchilarning barchasiga mehnat daftarchalari ochilgan. Jumladan, M.Rahimova 2018-yil 12-oktabr kuni 11-sonli buyruq bilan ishga qabul qilingan. Shu sanada AN 676764 raqamli mehnat daftarchasi ochilgan. INN (546324870) va shaxsiy identifikatsiya raqamlari (41907891240050) mavjud. Texnika xavfsizligi bilan tanishtirilgan. Ishchilarning mehnati uchun haq to‘lash hisobi ishchilarning ish vaqtini hisobga olish jadvali orqali ishbay tartibida olib borilgan.“Daryo”: O‘rganishlar natijasida ma’lum bo‘ldiki, korxona Andijon shahar bandlikka ko‘maklashish markazidan 2019-yil 18-yanvar kuni 100 dona mehnat daftarchasini sotib olgan. Lekin 3 oy avvalgi sana bilan, ya’ni 2018-yilning oktabr oyi bilan 40 nafar xodimga mehnat daftarchasi ochilgan, 28 ta mehnat daftarchasi to‘ldirilmagan, qolgan 32 ta mehnat daftarchasi topilmadi.
Mehnat daftarchalari 2019-yilning yanvar oyida olingan bo‘lsa-da, ularning aksarini to‘ldirishda 2018-yilning mart oyi sanalari qayd etilgan. Ba’zilarida sanalar umuman qayd etilmagan, mehnat daftarchalariga egasining imzosi qo‘yilmagan. Mehnat daftarchalarini qayd etib borish kitobi yuritilmagan.
Xodimlar bilan tuzilgan aksar shartnomalarda bir qancha kamchiliklar aniqlandi. Jumladan, shartnoma sanasi va raqami qayd etilmagan, bo‘sh shartnomaga majmua muhri bosib yuborilgan, shartnomalarda sana va tartib raqami ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, fuqaroni ishga qabul qilish bo‘yicha buyruqlar chiqarilgan.
Xodimlarning 30 nafari ishga kirganidan 6 oy o‘tgandan so‘ng o‘zlari Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilib, jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasini ochgan.
Tikuvchilik majmuasi bosh buxgalterining ma’lum qilishicha, sexda bugungi kunda hokimlik raddiyasida aytilganidek 97 nafar ayol emas, balki 35 nafar atrofida xodim ishlamoqda.
Muyassar Rahimova o‘ziga tegishli AN 676764 raqamli mehnat daftarchasi ochilganidan xabari yo‘qligini va biror marta ham ko‘rmaganini qayd etdi. Ushbu mehnat daftarchasi ham 3 oy avvalgi sana bilan to‘ldirilgan. Daftarcha egasining imzosi mavjud emas. Uning qo‘shimcha qilishicha, majmua u bilan hech qanday mehnat shartnomasi tuzmagan. Hokimlik tomonidan taqdim etilgan shartnoma hamda shaxsiy kartochkani ko‘rmaganini va imzosi soxtalashtirilganini ma’lum qildi.
Jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasini ishga kirgandan 6 oy o‘tgandan so‘ng ochilganini qo‘shimcha qildi. Hokimlik bergan ma’lumotda Rahimovaning jamg‘arib boriladigan pensiya uchun 2018-yil noyabr va dekabr oylari uchun pul o‘tkazilgani ko‘rsatilgan. “Xalq banki” bergan axborotga ko‘ra esa keltirilgan oylar uchun pul o‘tkazilmagan.
Hokimlik, sex ishchilarini emizikli farzandlari bilan majmuada ishlagani va kuniga 22 soatlab mehnat qilganliklariga hech qanday izoh bermagan.
“Andijondagi ko‘zbo‘yamachilikda aldanib, bir umrga Rossiyaga ketishga qaror qilgan ayol o‘z joniga qasd qilishga urindi”da nomli xabar bo‘yicha faktchek
2.1
Uydan umidvorlik
Hokimlik: Buzilishga tushgan “Mustaqillik” mahallasining aholisi uchun barchasiga kompensatsiya pullari yoki ularning xohish-istaklariga ko‘ra, 2 sotixli kottejlar berilishi ko‘zda tutilgan. Maqola muallifi shu o‘rinda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-noyabrdagi 963-son qarorini e’tibordan chetda qoldirgan.“Daryo”: Rahimova sobiq tumush o‘rtog‘i bilan rasmiy nikohdan o‘tmagan bo‘lsa-da, oilasini alohida maqomga ega deb o‘ylagan va unga ham alohida uy ajratishlaridan umidvor bo‘lgan. Muyassarxon Rahimova “Hammani qaqshatib, bolalarni ko‘chaga qo‘yib qurilayotgan Andijon City’ning kimga keragi bor edi” deganda o‘ziga o‘xshagan shar’iy nikohdan o‘tgan, lekin nikohi rasmiylashtirilmagani bois alohida uy ajratilmagan oilalar muammosini nazarda tutgan.
Rahimova Andijon City kerakmas, deganda o‘z shaxsiy fikrini bildirgan. Shaxsiy fikrni bildirish konstitutsiyaviy huquq. Muxbir tomonidan ham, hokimlik tomonidan ham shaxsning fikriga taqiq qo‘yish mumkin emas.
2.2
O‘z joniga qasd qilish sababi nima edi?
Hokimlik: Muyassar Rahimovaning onasi Manzura opa oilaviy kelishmovchilik sabab dori vositalarini keragidan ortiq iste’mol qilganligini aytib o‘tdi. Birinchi yordam ko‘rsatgan shifokor Nurbek Hojimatovning aniqlashicha, bemor Rahimova muxbir qayd etganidek, “glitsirin” emas ,(aslida “Glitserin”), “Glitsin” tabletkasini iste’mol qilgan. Unga “Glitsin”, “Karbamazepin” va “Diazolin” dori vositalarini ichishi natijasida “o‘tkir polimedikatsiya bilan zaharlanish” tashxisi qo‘yilgan.“Daryo”: Rahimova o‘z joniga qasd qilish paytida hokimlik “glitserin” emas, aslida “glitsin” ichgan deb ma’lumot bermoqda. Bosh prokuratura tomonidan “Daryo”ga “glitserin” va boshqa dori vositalari iste’mol qilingani xabar qilingan. Tushuniladiki, hokimlik axborotiga ko‘ra, Bosh prokuratura noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgan.
Hokimlik Rahimovaning o‘z joniga qasd qilishini onasi bilan bo‘lib o‘tgan kelishmovchilikka bog‘lamoqda. Rahimovaning o‘zi esa quyidagicha izohladi: “Yashashga kuchim yetmayapti shekilli, charchadim. Sobiq turmush o‘rtog‘im ‘Qizimni Rossiyaga olib ketib qolar ekan’, deb qizim uchun zarur bo‘lgan hujjat ishlarini qilib bermayapti, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini olvolgan, ‘Qizni tashlab, qayerga chiqib ketsang, ketaver’ deyapti. Bolalarimdan ayrilib qolishdan qo‘ryapman. Qolib qololmayapman, ketib ketolmayapman”.
O‘z joniga qasd qilish sabablarini bu ishni qilgan odamning o‘zi yaxshiroq bilsa kerak?
2.3
Hamma yopishayotgan shar’iy nikoh
Hokimlik: Muyassar Rahimova yashab turgan va qaynotasining nomida bo‘lgan xonadon uchun kottej ajratilgan. Uy-joy buzilishga tushganidan so‘ng, bu xonadon vakillari uchun “Xidirsha” massivida yangi barpo etilgan kottej ajratilgan.“Daryo”: Buzib tashlanib, o‘rniga kottej berilgan uyda Rahimova o‘z haqi borligini, Rossiyada ishlab kelgan pullari o‘sha uyga sarf qilinganini aytmoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, sobiq turmush o‘rtog‘i uyni unga tashlab chiqib ketgan. Lekin qaynotasi, uyni kottejga almashtirib yuborgan. Rahimova o‘ziga ham birorta uy ajratib berishlarini xohlagan. Lekin yuqorida aytilganidek, u rasman nikohdan o‘tmaganligi tufayli uy ajratishning iloji yo‘qligi ma’lum bo‘lgan.
Haqiqatan ham, Muyassar Rahimova hokimlik bot-bot takrorlayotgandek qonuniy nikohni rasmiylashtirmasdan turmushga chiqqan. Bu shar’iy nikoh bir yil avval emas, balki 10 yillar avval tuzilgan. Vaqtga e’tibor qaratishga sabab, bundan uch yil avval Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti bo‘lib saylangan birinchi kundanoq, maxsus ishchi guruhlar tashkil qilib, uyma-uy yurib odamlarning muammolarini bartaraf etish tizimini yo‘lga qo‘ygan. Bunday ishchi guruhlar bir necha marotaba Andijon viloyatida ham bo‘lgan. Ular Rahimovaga o‘xshab shar’iy nikoh bilan yashayotgan xotin-qizlarga tushuntirish berib, qonuniy nikohdan o‘tish choralarini ko‘rish lozim edi. Bundan ko‘zlangan maqsad kelgusida bo‘lishi mumkin bo‘lgan oilaviy muammolarning oldini olish bo‘lgan. Lekin mutasaddilar Rahimovaning shar’iy nikohini o‘z vaqtida rasmiylashtirishga ko‘maklashmagani oqibatida bir ayol uch norasida go‘dagi bilan murakkab vaziyatga tushib qoldi.
Ko‘rinib turibdiki, viloyatda Prezident tomonidan ajrimlarni oldini olish va bunga olib keluvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar yetarlicha bajarilmagan.
2.4
Kottej uchun 17 million so‘m kerakligi aytilganmi yoki yo‘q?
Hokimlik: “Mustaqillik tikuvchilik majmuasi”ning sobiq kadrlar bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlagan Mavluda Nishonova Muyassar Rahimovaning onasinikiga uning taklifi bilan shaxsiy masalada kelgan. Suhbat davomida uy-joy bo‘limi xususida hech qanday fikr bildirilmagan. Korxonada kadrlar bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishlagan Mavluda Nishonova Muyassar Rahimova aytmoqchi bo‘lgan uy-joy bo‘limiga boshliq bo‘lmagan.“Daryo”: Mavluda Nishonova haqiqatan ham uy berishga mas’ul idorada ishlamasligi mumkin. Bu yerda asosiy masala uning Rahimovaning onasini oldiga kelib, uy olib berishga yordam bergani haqida ketmoqda. Rahimovaning onasi Mavluda Nishonova uning uyiga kelgani, boshlang‘ich to‘lov uchun 17 million so‘m puli bo‘lsa, qizi uchun kottej olib berishini aytganini “Daryo”ga ma’lum qildi.
2.5
Bosh vazir uchun rasmiyatchilik
Hokimlik: Mahalliy hokimlik va xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari 29-iyul kuni Rahimovaning xonadoniga borib suhbatlashdi hamda qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Farzandini imtiyozli ravishda MTTga joylashtirish ishlari olib borilmoqda. O‘ziga 2 million so‘m kafolatlangan oylik maoshli yangi ish o‘rni taklif etildi.“Daryo”: Muyassar Rahimova o‘z joniga qasd qilgandan so‘ng Andijon shahrining sobiq hokimi Dilmurod Rahmatullayev va boshqa mas’ul xodimlar kelganini tasdiqladi. Avvaliga shahar hokimligi vakillari Rahimova o‘z joniga qasd qilgandan keyin unga ko‘mak bergani kelgan bo‘lsa kerak, deb taxmin qilgan edik.
Rahimovaning aytishicha, hokimlik undan Bosh vazirga yozgan xati o‘rganilgani haqida javob yozib berishini so‘ragan. Lekin u buni rad etgan. Taklif etilgan ish ham rad etilgan. Uning farzandlari haqiqatan ham bog‘chaga joylangan. Bularning barchasi ommaviy axborot vositalarida Rahimovaning Rossiyaga ko‘chib ketmoqchiligi va o‘z joniga qasd qilgani haqidagi gap-so‘zlar ko‘paygandan keyingina qilingan.
2.6
Qatiqdan og‘zi kuygan...
Hokimlik: Shuningdek, yaqin kunlarda “Qishloqqurilish” IK MChJ tomonidan qurib bitkazilayotgan ko‘p qavatli uylardan ajratilgan 3 xonali xonadonga ko‘chib kirishi yana bir bor yetkazildi.“Daryo”: Ushbu maqolani tayyorlash jarayonida Rahimova va yana besh nafar sex xodimiga ko‘p qavatli uydan xonadonlar berilgani xabar qilindi. Lekin uyning kadastr hujjatlari berilmagan. Bir qator tartiblar bajarilgandan so‘ng, bir oy ichida berilishi aytildi. Bu ham avvalgidek “ko‘zbo‘yamachilik” bo‘lmasligi uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga uy rasmiylashtirib berilganidan so‘ng ushbu xabar asoslangan bo‘ladi.
2.7
Tasdig‘ini topmagan hujjatlar
Hokimlik: Yuqoridagi maqoladan kelib chiqib, jurnalistik qarashlar jamiyatning ijtimoiy fikrini to‘g‘ri shakllantirishga xizmat qilishi, maqolalar tayyorlanishida har tomonlama o‘rganilishi va shaffof bo‘lishi talab etiladi.“Daryo”ning ushbu materiallarida keltirilgan ma’lumotlar bo‘yicha biz tomonimizdan bildirilgan e’tirozlar rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlangan.
“Daryo”: Hokimlik tomonidan “rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlangan”, deb taqdim etilgan hujjatlarining aksariyati o‘z tasdig‘ini topmadi.
O‘ylaymizki, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar soxta va yolg‘on hujjatlar taqdim etgan Andijon viloyati hokimligi mas’ul shaxslarining xatti-harakatiga haqiqiy bahoni beradi.
Izoh (0)