“O‘zgidromet” markazidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, sentabr oyida yog‘inlar juda kam bo‘lib, oy davomida o‘rtacha 1-3 marta yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Ularning miqdori esa o‘rtacha iyul va avgust oylaridagiga qaraganda salgina ko‘p — tekislikda 2—6 mm, tog‘li joylarda 10—20 mm gacha yetadi.
Oyning birinchi yarmida kunduzgi havo harorati odatda 30—33 daraja atrofida, oyning ikkinchi yarmida esa, 26—29 daraja atrofida issiq bo‘ladi.
Sentabrda ayrim kunlari termometr ustunchasi 35—39 darajagacha ko‘tariladi. Sovuq havo oqimlari kirib, kunduzgi harorat 22—25 darajagacha tushishi mumkin.
Ba’zan esa undan ham past bo‘ladigan holatlar kamdan-kam kuzatiladi va bunday sovuq davrlar qisqa muddatli bo‘ladi.
Biroq, bu yil sentabr oyi bizni salqin havo bilan qarshi oladi. Avgust oyining so‘nggi kunlaridan harorat 27—32 darajagacha pasayadi, kechasi 12—17 darajagacha, kunduzi 23—28 darajagacha tushadi. Bu odatdagi iqlimiy me’yorlardan 4—6 darajaga pastdir.
1-sentabrda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida, 2-sentabrda Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Ob-havoning bunday o‘zgarishlari Volgabo‘yi hududlaridan sovuq havoning kirib kelishi bilan tushuntiriladi.
Harorat kechasi 12—17 daraja, kunduzi 25—30 daraja bo‘lgan nisbatan salqin ob-havo sentabr oyining birinchi haftasida saqlanib turadi.
Keyinchalik oyning oxirigacha harorat kechasi 12—17 darajadan 7—12 darajagacha, kunduzi 28—33 darajadan 21—26 darajagacha o‘zgarib turadi. Ayrim kunlarda qisqa muddatli kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Izoh (0)