Qonunga muvofiq, Jinoyat-protsessual kodeksiga pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turishga oid norma kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanali xabar berdi.
Ya’ni, endilikda qidiruvdagi ayblanuvchi yoki sudlanuvchi pasportdan foydalanib chet elga chiqib ketishi yoki xorijda harakatlanishi mumkin deb hisoblansa, mazkur pasportning amal qilishi sud tartibida to‘xtatib turilishi mumkin.
Pasportning amal qilishini to‘xtatib turish ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan bo‘yin tovlashining oldini olish, uning bundan keyingi jinoiy faoliyatining oldini olish, hukmning ijro etilishini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.
Pasportning amal qilishini to‘xtatib turish deganda pasportning, biometrik pasportning, xorijga chiqish uchun biometrik pasportning va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs harakatlanish hujjatining amal qilishini vaqtinchalik to‘xtatib turish tushuniladi.
Bunda pasportning amal qilishini to‘xtatib turish faqat davlatlararo yoki xalqaro qidiruv e’lon qilingan ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan qo‘llaniladi.
Pasportning amal qilishini to‘xtatib turish O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tugatishga yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning huquqiy maqomi bekor qilinishiga olib kelmaydi.
Izoh (0)