O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan anjumanda sohaga oid imzolangan qarorlar va unda belgilangan vazifalar muhokamalar markazida bo‘ldi. Bu haqda “O‘zstandart” agentligi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
“Xususan, jurnalistlar tomonidan ichki bozorlarimizda sotilayotgan sifati kafolatlanmagan mahsulotlarni yurtimizga kirib kelinishining oldini olish va aholi xonadonlaridagi maishiy hisoblagichlarning qiyoslov muddatlari 4 yildan 8 yilga uzaytirilgani bilan bog‘liq ko‘pgina savollari bilan faol qatnashdi”, — deyiladi xabarda.
Savollarga “O‘zstandart” agentligi rahbariyati javob qaytarar ekan, mahsulot sifati standartlar va xalqaro me’yorlar bilan bog‘liq ekanligi, buning uchun har bir ishlab chiqarish korxonalarida sifat tizimlari keng joriy etilishi orqali mahsulotlarni jahon bozorlariga olib chiqish imkoniyatlari mavjudligiga e’tibor qaratdi.
Uchrashuvda qarorga ko‘ra tizimda “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasini 2020-yil 1-yanvardan “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat korxonasiga — “UzTest” davlat korxonasiga aylantirilgani, xalqaro tashkilotlarning (ISO, IEC, UNECE, EN CODEX STAN) standartlari, talab va me’yorlariga muvofiq oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, elektrotexnika, yengil sanoat, mashinasozlik, qurilish, polimer va kimyo sanoati mahsulotlari hamda yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sinovlarini to‘liq amalga oshiradigan zamonaviy sinov va nazorat laboratoriyalaridan iborat “UzTest” davlat korxonasining sinov va nazorat kompleksini tashkil etish va boshqa jihatlari haqida so‘z bordi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham javob oldi.
Izoh (0)