Xartumda harbiylar tomonidan hokimiyatdan chetlatilgan Sudanning sobiq prezidenti Umar al-Bashir ustidan sud jarayoni boshlandi. Sud hozircha sobiq prezidentga qo‘yilgan korrupsiya bo‘yicha ayblovlarni ko‘rib chiqmoqda, deb xabar berdi “TASS”.
Sud majlisiga al-Bashirni himoya qilish uchun 100 ga yaqin advokat kelgan. Sudlanuvchining o‘zi metall qafas ichiga joylashtirilgan. Mamlakatni 30 yil boshqargan al-Bashirni sud binosiga qurollangan harbiylar zirhlangan mashinalarda keltirishgan.
Al-Bashir ustidan sud jarayoni bir necha marotaba qoldirilib kelinayotgandi.
Tergov vakilining aytishicha, al-Bashir Saudiya Arabistoni hukumatidan millionlab dollar olganini tan olgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, al-Bashirning uyi tintuv qilinganda 6 million yevro, 351 ming dollar hamda mahalliy valyutada katta miqdorda pul topilgan.
Sudanda harbiy to‘ntaruv 11-aprelda yuz bergandi. Bungacha aholi mamlakatdagi xarobagarchilik sababli ommaviy noroziliklar uyushtirib kelgan. Umar al-Bashirga qarshi jinoiy ish namoyishchilarning halok bo‘lishi va terrorchilarga pul berish ayblovlarini ham o‘z ichiga olgan.
Izoh (0)