Noqonuniy qurol savdosi bo‘yicha xalqaro qidiruvda bo‘lgan belgiyalik Jak Mesye Portugaliyada qo‘lga olindi. U so‘nggi 35 yildagi barcha yirik mojaro ishtirokchilariga qurol yetkazib berganlikda ayblanmoqda, deb xabar beradi Tengrinews.
“Marshal” yoki “Tulki” laqabi bilan tanilgan Mesye avvalroq Liviya, Chad, Pokiston va Eronga o‘qotar qurollar, zirhli texnikalar, vertolyotlar va boshqa qurol-yaroqlarni noqonuniy yetkazib bergani uchun to‘rt yil qamoq jazosiga hukm etilgan edi. Hukm e’lon qilingach, u yashirinishga muvaffaq bo‘lgan.
Mesyeni qo‘lga olish operatsiyasi Evora shahrida Portugaliya politsiyasi tomonidan amalga oshirildi. Bunda Fransiya, Belgiya va Portugaliya huquq-tartibot organlarining xodimlari hamkorlikda ishlagan.
Belgiyalik qurol savdogari Fransiyadagi villasidan otlarini Portugaliyaga olib kelinishi uchun ketgan yo‘l xarajatlari to‘lanmagani sabab qo‘lga tushgan. Aynan shu ma’lumot orqali tergovchilar Mesyening iziga tushgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mesye 1980-yillardayoq Eronga Iroq bilan urushi vaqtida qurol yetkazib berishda gumonlangan.
66 yoshli belgiyalik 16-avgust kuni Portugaliya sudi oldida javob beradi. Belgiya hukumati Mesyening ekstaditsiyasi bo‘yicha so‘rov yuborishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)