Prezident huzuridagi tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Namangan viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlari ish yurituviga 40 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Bu haqda “Daryo”ga vakil devoni bosh inspektori Ne’matilla Abdullayev ma’lum qildi.
Ularning aksariyati yuzasidan o‘rganish ishlari yakunlandi. Qonunbuzilish holatlari, bunga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan davlat idoralari rahbarlari nomiga taqdimnoma kiritildi va shu asosda mas’ul shaxslar intizomiy javobgarlikka tortildi.
Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagi jismoniy va yuridik shaxslarga berilishi asossiz kechiktirib kelinayotgan 400 million so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari ajratilishi ta’minlandi. 4 nafar fuqaroga xonadonida asalarichilik, 3 nafariga quyonchilik, 2 nafariga issiqxona, 1 ta MChJga mevalarni saqlash uchun muzlatgich qurish, bitta xususiy korxonaning tikuvchilik yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi ta’minlanib, 20 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi.
Jumladan, Namangan shahrida yashovchi D.Shermatov va A.Abdulpattayevning murojaati o‘rganilganida, ular joriy yilning mart oyidan beri “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida kredit ololmayotgani aniqlandi. Ular quyonchilik sohasi bo‘yicha “Qishloqqurilishbank” Namangan mintaqaviy filialiga kredit berilishini so‘rab murojaat qilgan bo‘lsa-da, bank xodimlari turli bahonalarni ro‘kach qilib, ularni sarson qilgan. Oradan 1,5 oy vaqt o‘tgach esa taqdim etgan ariza va hujjatlarini murojaatchilarga qaytargan.
Mazkur holat Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasidan mutaxassis jalb etgan holda o‘rganilganida, bank muassasasi tomonidan kredit berish asossiz rad etilib, qonun talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Vakil devoni xodimlari aralashuvi bilan har ikki fuqaroga 28 million 754 ming so‘mdan kredit mablag‘i ajratilishi ta’minlandi. Arizalarning o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini va ro‘yxatga olinishini ta’minlamagan bank mutaxassisiga nisbatan esa filial boshqaruvchisining buyrug‘iga asosan intizomiy jazo berildi. Bank mintaqaviy filiali boshqaruvchisi ham rasman ogohlantirildi.
“Fura ideal sentre” xususiy korxonasi rahbari F.Soliyev vakil devoniga qilgan murojaatida maxsus sovutish jihozlari olish maqsadida joriy yil mart oyidan beri TIF “Milliy bank” To‘raqo‘rg‘on tumani filialidan 200 million so‘m miqdorda kredit olishda asossiz kechiktirishlar bo‘layotgani, oqibatda meva-sabzavotlarni saqlash bilan bog‘liq tadbirkorlik faoliyatini yurita olmayotganini ma’lum qilib, amaliy yordam berilishini so‘ragandi. Bu murojaat ham Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi mutaxassisini jalb qilgan holda o‘rganildi va masala ijobiy hal qilindi.