2019-yilning 1-iyunidan Toshkent moliya institutida Binary Graduate School magistatura dasturi uchun hujjatlarni qabul qilish boshlandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qiladi.
Dastur Malayziyaning Binary boshqaruv va tadbirkorlik universiteti bilan birgalikda tashkil etilgan.
Binary universiteti 1984-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatda o‘quv jarayoniga amaliy bilimlarni joriy qilish va talabalarda zamonaviy professional malakani shakllantirish bo‘yicha yetakchi mavqega ega.
O‘zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi Elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, Binary Graduate School O‘zbekiston—Malayziya fakulteti o‘quv dasturi 2018-yil 26-noyabrda Malayziyada Toshkent moliya instituti rektori Ulug‘bek Azizov va Binary boshqaruv va tadbirkorlik universiteti rektori Jozef Adaykalam tomonidan imzolangan.
“Biznes boshqaruvi”, “IT menejment” va “Buxgalteriya va moliya” yo‘nalishlari bo‘yicha Toshkent shahrida o‘qitish 2019-yil oktabr oyidan boshlanadi. Mashg‘ulotlar davomiyligi “Biznes boshqaruvi” va “IT menejment” mutaxassisliklari bo‘yicha 18 oyni, “Buxgalteriya va moliya” yo‘nalishida esa 24 oyni tashkil etadi. O‘quv dasturi yakunida bitiruvchilarga ikki oliy ta’lim muassasasining tegishli diplomlari beriladi.
Izoh (0)