2019-yilning 2-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Ichki ishlar xodimi piyodaning o‘limiga sababchi bo‘ldi. Unga chora ko‘riladimi?” sarlavha bilan tarqatilgan xabar Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Haqiqatdan ham, joriy yilning 20-iyul kuni soat 22:35 larda, 1985-yilda tug‘ilgan B.Z otasiga tegishli Lacetti rusumli avtomashinani Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Xo‘jakent” mahalla fuqarolari yig‘ini hududidan o‘tuvchi 4R12 “Bektemir-Chorbog‘” avtomobil qatnov yo‘lining 72-kilometri bo‘ylab, Bektemir yo‘nalishi tomondan Chorbog‘ yo‘nalishi tomonga qarab boshqarib ketayotib, o‘z yo‘nalishiga nisbatan chap tomondan, o‘ng tomonga harakatlanib o‘tayotgan piyoda, 1962-yilda tug‘ilgan S.Rni avtomashinaning oldi tomoni bilan urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Natijada S.R olgan tan jarohatlari bilan hodisa joyida vafot etgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borish jarayonida, haydovchi B.Z Andijon viloyatida joylashgan harbiy qismda ishlashi aniqlanib, to‘plangan hujjatlar Bo‘stonliq tuman prokuraturasiga yuborilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan hududiy-harbiy prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ayrim ijtimoiy manbalar noto‘g‘ri xabarlar tarqatib, O‘zbekiston Respublikasining “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi (11-modda, Axborotning to‘g‘riligi uchun javobgarlik) va “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi (7-modda, Axborotdan hamma erkin foydalanishi mumkinligi va uning haqqoniyligi) Qonunlarini buzib faoliyat olib bormoqda va bu bilan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini noto‘g‘ri ma’lumotlar bilan ta’minlamoqda, deyiladi IIV xabarida.
Izoh (0)