Bugun,

  • USD 10940.05
  • RUB 182.26
  • EUR 11121.65

Joriy yil 29-iyul kuni O‘zbekiston hukumati “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini parlamentga kiritish uchun ma’qulladi. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov Facebook’dagi sahifasida xabar berdi.

Foto: Google Images

Foto: Google Images

Nogironlik nafaqat alohida olingan fuqaroning, uning oilasi, qarindosh-urug‘larining, balki davlat va jamiyatning oldida turgan dolzarb muammo hisoblanadi. Nogironligi bo‘lgan shaxs – u xoh bolakay yoki katta yoshdagi inson bo‘lmasin, jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lib, o‘qib, bilim olish, muayyan kasb egallash, mehnat qilib, daromad topish, oila qurib, farzandlarni tarbiyalash, keksayganda esa, qilgan mehnatlarining rohatini ko‘rish, keksalik gashtini surishga haqlidir, deb yozadi bosh vazir o‘rinbosari.

Shu bois, O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi nogironlik muammolarining yechimiga bag‘ishlangan va birinchi qabul qilinadigan Qonun loyihasi bo‘lib, u o‘zining maqsad-mohiyati bilan jahon andozalariga, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya tartib-qoidalariga to‘la mos keladi.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda 20 ga yaqin vazirlik, idoralar, jamoat tashkilotlari, xususan, respublika nogironlar jamiyati, ko‘zi ojizlar, karlar jamiyatlari, nogironlar jamiyatlari assotsiatsiyasi vakillari mas’uliyat bilan ishtirok etishdi.

Nogironlik belgilari bo‘yicha fuqarolarni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning g‘ururlari va shaxsiy erkinliklarini hurmat qilish, huquq va ozodliklarini ta’minlashda ularning jamiyatimizning boshqa a’zolari qatori teng huquqqa ega ekanliklarini ta’minlash, nogironligi bo‘lgan bolalarning asta-sekinlik bilan rivojlanayotgan imkoniyatlarini, ularning shaxsiy xususiyatlarini hurmat qilish, atrof muhitda erkin harakatlana olishlari, o‘qish, kasb egallashlari, mehnat qilishlari, sport va madaniy tadbirlarda faol ishtirok etishlari, mavjud imkoniyatlardan to‘laqonli foydalana olishlari, jamiyat hayotida erkin va to‘laqonli ishtirok etishlarini ta’minlash masalalari mazkur Qonun loyihasining asosiy maqsadlari bo‘ldi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot kechirish sifatini yanada yaxshilash maqsadida ularni ijtimoiy reabilitatsiya (abilitatsiya) qilish, jamiyatga moslashtirish maqsadida:

birinchidan, uy-joyga muhtoj yoki yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarning hisobini yuritish, ularga birinchilar qatorida uy-joy bilan ta’minlanish huquqlarini berish, uy-joy sotib olish uchun imtiyozli ipoteka kreditlarini olish, ko‘p kvartirali uylarning pastki qavatlarida uy-joy olish, birinchilar qatorida ijtimoiy uy-joylar bilan ta’minlanish huquqlarini berish;

ikkinchidan, respublikadagi mavjud mehmonxonalarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga, shu jumladan, nogironlik aravachalaridan foydalanadiganlarga, ko‘zi ojiz va kar-soqov fuqarolarga maxsus nomerlarni ajratib, ularga shart-sharoitlarni yaratish;

uchinchidan, tug‘ma va orttirilgan kasalliklar asoratlari bo‘lgan bolalarda nogironlikni belgilashning yagona tizimini yaratish maqsadida, pediatrik tibbiy-ijtimoiy komissiyalarni tashkil qilish;

to‘rtinchidan, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalari faoliyatida shaffoflikni oshirish, fuqarolarni sansalorlik qilmaslik, korrupsiya omillariga barham berish, nogironlik belgilari aniq hollarda, fuqarolarni ovora qilmay, qisqa muddatlarda ularga nogironlikni belgilash;

beshinchidan, nogironlik belgilari yaqqol bo‘lgan va o‘z uylarida yotib qolgan fuqarolarga nogironlikni uylarida belgilash;

oltinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslar jamoat tashkilotlarining huquqlari va imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalari Qonun loyihasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatma bo‘luvchi normalar etib, belgilanmoqda.

Ushbu Qonun loyihasining qabul qilinishi BMTning “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiya hamda bu boradagi xalqaro standartlar tartib-qoidalarining respublikada joriy qilinishini ta’minlaydi.

Ushbu hujjat loyihasi turli havolaki me’yorlarni o‘zidan istisno qilgan, to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatuvchi Qonun bo‘lib, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning turli xil ko‘rinishdagi kamsitilishlariga aslo yo‘l qo‘ymay, ularning hamjamiyatning to‘laqonli a’zolari sifatida jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishlarini ta’minlaydi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
Samarqandda noqonuniy mayning ferma aniqlandi
Salomatlik
Yutinganda tomoq og‘rib, quloqqa tarqalsa, qanday yo‘l tutish kerak?
Sport
Murodjon Ahmadaliyev IBF kamari uchun himoya jangini o‘tkazadi