30-iyul, seshanba kuni futbol bo‘yicha Audi Cup musobaqasining yarim final uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Zinedin Zidan qo‘l ostidagi Madridning “Real” klubi Maurisio Pochettino boshliq Londonning “Tottenhem” jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Bellashuvning 22-daqiqasida “shporlar” hujumchisi Harri Keyn himoyachi Marseloning xatosidan unumli foydalanib, madridliklar darvozasini ishg‘ol qildi.
Shu tariqa “Tottenhem” Myunxenda kechgan bahsda “Real”dan 1:0 hisobida ustun keldi.
Shu kuni Niko Kovach boshqaruvidagi “Bavariya” klubi esa Turkiyaning “Fenerbahche” jamoasini sinovdan o‘tkazdi.
O‘yin davomida “Bavariya” a’zolari Renatu Sanshesh (22), Leon Goretska (28), Tomas Myuller (31, 44, penalti, 58) hamda Kingsli Koman (40) urgan gollarga turkiyaliklar Maks Kruzening (64) goli bilan javob qaytardi.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, “qizillar” “Fenerbahche”ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi (6:1) va final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Endilikda Myunxen klubi 31-iyul, chorshanba kuni bo‘lib o‘tadigan final bahsida “Tottenhem” bilan bahsga kirishadi. “Real” esa 3-o‘rin uchun kechadigan bellashuvda “Fenerbahche” bilan o‘ynaydi.
Audi Cup
1/2 final bahslari
30-iyul, seshanba
“Real”—“Tottenhem” 0:1
Gollar: 0:1 — 22 Keyn“Bavariya”—“Fenerbahche” 6:1
Gollar: 1:0 — 22 Sanshesh, 2:0 — 28 Goretska, 3:0 — 31 Myuller, 4:0 — 40 Koman, 5:0 — 44, penalti, Myuller, 6:0 — 58 Myuller, 6:1 — 64 KruzeYanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)