Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan haftaning har yakshanba kuni o‘tkazib kelinayotgan sayyor qabullar nafaqat shahar va tuman markazlarida, balki aholiga qulaylik yaratish maqsadida eng chekka qishloqlarda ham tashkil etib kelinmoqda, bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati ma’lum qiladi.
Joriy yilning 21-iyul kuni viloyat hokimi To‘ra Bobolov va sektor rahbarlari Boysun tumanining viloyat markazidan qariyb 240 kilometr uzoqlikda joylashgan tog‘li Kengdala qishlog‘i aholisi bilan ham sayyor qabul o‘tkazdi.
“Qizilnavr” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli ushbu qishloqda tashkil etilgan muloqotda viloyat, tuman hokimliklari mutasaddilari, sektorlar, idora va tashkilotlar rahbarlari, Xalq qabulxonasi vakillari va murojaatchi fuqarolar ishtirok etdi.
Qabul davomida Kengdala va va unga qo‘shni bo‘lgan qishloqlar aholisidan ko‘plab murojaatlar tushdi. Murojaatlarning aksariyati yo‘l, qishloq vrachlik punkti, maktabgacha ta’lim muassasasi qurilishi, elektr energiya ta’minotini yaxshilash bilan bog‘liq masalalardir.
“Bizning qishloqda 100 ta xo‘jalik mavjud. Albatta, aholini ko‘pdan buyon qiynab kelayotgan muammolari bor. Qishlog‘imiz tuman markazidan ancha olisda joylashgani bois, ha deganda markazga borib kelishning imkoni yo‘q. Chekka qishloqlarda mana shunday muammolar borligini bilib, ularni hal etish uchun bugun viloyat hokimining kelishi bizni behad quvontirdi”, — deydi kengdalalik fuqaro Erkin Xonaliyev.
Muloqot davomida fuqarolardan tushgan murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi. Aholining talab va istaklarni inobatga olgan holda nosoz ahvolga kelib qolgan yo‘llarni qisqa muddatda ta’mirlash, elektr energiya ta’minotini yaxshilash, mavjud umimiy o‘rta ta’lim maktabi uchun qo‘shimcha yana 50 o‘rinli bino, shuningdek, qishloq vrachlik punkti qurish va uni maxsus tez tibbiy yordam mashinasi bilan ta’minlash bilan bog‘liq masalalarning ijobiy yechimi bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Viloyatda barcha darajadagi rahbarlarning eng chekka hududlar aholisi bilan bevosita muloqotga kirishayotgani, ularga munosib ish va turmush sharoiti yaratish borasida bor kuch va imkoniyatlar ishga solinayotgani odamlarning ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eng muhimi, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirib, yaratuvchanlik va tashabbuskorligini oshirishga zamin yaratayotir.
Izoh (0)