Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 2019-yil 16—18-iyul kunlari Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Diniy erkinliklarni ilgari surish bo‘yicha ikkinchi vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qiladi.
AQSh tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan forumda tashqi ishlar vazirlari darajasidagi hukumat vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din peshvolari va fuqarolik jamiyati faollaridan iborat 115 dan ortiq mamlakatning mingdan ziyod vakillari ishtirok etdi. Din va e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy sabablarga ko‘ra ta’qib va kamsitishga qarshi kurash, din va imon erkinligini hurmat qilishni ta’minlash bilan bog‘liq muammolar muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Abdulaziz Komilov konferensiyadagi nutqida O‘zbekiston delegatsiyasi Diniy erkinliklarni ilgari surish bo‘yicha ikkinchi vazirlar konferensiyasiga taklif qilingani uchun minnatdorlik bildirdi. Bu esa O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat hayotining barcha jabhalarida muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan misli ko‘rilmagan islohotlarni jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilishi deb qaraladi.
Qayd etilganidek, e’tiqod erkinligini ta’minlash sohasidagi real ilgarilash butun siyosiy-huquqiy islolotlarning muhim tarkibiy qismi sanaladi. Avvalo, din to‘g‘risidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish va liberallashtirishga e’tibor qaratilmoqda.
Diniy adabiyotlarni ishlab chiqarish, keltirish va tarqatish uchun ruxsat olish jarayoni soddalashtirildi. Diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi yanada takomillashtirildi. Faqat 2019-yil boshidan buyon O‘zbekistonda yangi diniy tashkilotlar ro‘yxatga olingan, islomiy bo‘lmagan Sun Bogim cherkovi va yevangeliya xristian-baptistlar cherkovi shular jumlasidandir.
Iyegova shohidlari, Yevangeliya xristian-baptistlar cherkovlari ittifoqi va To‘liq Yevangeliya xristianlari markazi kabi diniy ozchilik vakillari qo‘shilishi hisobiga Konfessiyalar ishlari bo‘yicha Kengash tarkibi kengaytirildi.
Diniy ta’lim va ma’rifat jamiyatning ma’naviy va axloqiy yangilanishining muhim omili bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston hukumati yoshlarni diniy tarbiyalashda ayollarning faol ishtirokini qo‘llab quvvatlamoqda va rag‘batlantirmoqda.
O‘tgan 20 yilda ilk bor “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi” qonun qayta ko‘rib chiqilmoqda. O‘zbekiston bu jarayonga xalqaro mutaxassislarni jalb etishni maqsad qilgan.
Yaqin vaqtda qonun loyihasi Xalqaro diniy erkinlik sohasidagi alohida topshiriqlar bo‘yicha elchi Sem Braunbek ofisi, AQSh Xelsinki komissiyasi, YXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va BMTning Maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahidga xalqaro ekspert bahosini o‘tkazish uchun taqdim etiladi.
BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolutsiyasining qabul qilinishi xalqaro hamkorlik sohasida muhim voqealardan bo‘ldi. Rezolyutsiyaning asosiy maqsadi – “barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, savodsizlik va jaholatga barham berish”dir.
Hozirda O‘zbekistonda tizimli tarzda din bilan bog‘liq jinoyatlarda ayblanayotgan insonlar orasida jinoyatlashuv va radikallashuvning oldini olish, ekstrimizm sabablari haqida erta ogohlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bunda mamlakat “jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyiliga asoslanmoqda.
So‘nggi uch yil ichida diniy sabablar bilan sudlangan 20 mingdan ortiq mahbuslar avf etildi va “qora ro‘yxat”dan chiqarildi. Joriy yilning may oyida davlat rahbari topshirig‘iga binoan Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududiga aldov yo‘llari bilan jalb etilgan asosan ayollar va bolalardan iborat 156 ta O‘zbekiston fuqarosi Toshkentga maxsus samolyotda keltirildi. Hozirda ular ish bilan ta’minlanmoqda va reabilitatsiyadan o‘tmoqda. Ushbu insonparvarlik amaliyoti davom ettiriladi.
Yakunda Vazir ta’kidlaganidek, mamlakatda diniy erkinliklarni ta’minlash doirasida O‘zbekiston xalqaro, hukumat va nohukumat tashkilotlari, xususan, BMT, YXHT, Yevropa Ittifoqi, AQShning tegishli organlarni va boshqa manfaatdor tomonlar bilan keng hamkorlikni davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston delegatsiyasi Vazirlar konferensiyasida ilk bor 2018-yilda ishtorok etgan edi. O‘tgan yilning dekabr oyida AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo qarori bilan O‘zbekiston birinchi marotaba diniy erkinlikar sohasida alohida xavotir uyg‘otadigan davlatlar ro‘yxatidan chiqarilgan.
Izoh (0)