Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

O‘zbekiston Markaziy bank boshqaruvining 20-iyuldagi qarori bilan qayta moliyalash stavkasi yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Gazeta.uz”

Foto: “Gazeta.uz”

Markaziy bank boshqaruvining mazkur qarori iqtisodiyotda inflyatsion xatarlarning saqlanib qolayotganligi hamda kreditlar uchun resurslar manbalarini shakllantirishda davlat mablag‘laridan an’anaviy bozor instrumentlariga o‘tish zaruriyati yuzaga kelgan sharoitida banklardagi uzoq muddatli jamg‘armalar va ular ulushining oshishi sur’atlarini mustahkamlash vazifalaridan kelib chiqib qabul qilindi.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida avval e’lon qilingan ikkita press-relizlarda nazarda tutilgan ayrim inflyatsion xatarlarning yuzaga kela boshlaganligini inobatga olib, inflyatsiya prognozi 13,5—15,5 foiz oralig‘ida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. 2019-yilning birinchi yarim yilligida iste’mol narxlari oshishi 5,6 foizni tashkil etib, 2018-yilning mos davridagi ko‘rsatkichdan 0,6 foiz bandga past bo‘ldi.

Inflyatsiya asosan oziq-ovqat tovarlari va xizmatlarning bozor narxlari oshishi ta’sirida shakllangan bo‘lsa, ma’muriy tartibga solinadigan xizmatlar tariflari va nooziq-ovqat tovarlari narxlarining yuqori darajada oshmaganligi inflyatsiyaning keskin o‘sishining oldini oldi. Shu bilan birga, energiya resurslari tariflari oshirilishining oldin e’lon qilingan muddatga nisbatan keyinga qoldirilishi ham mazkur davrda inflyatsiya darajasining kutilgandan past darajada shakllanishiga xizmat qildi.

Yillik hisobda inflyatsiya darajasi 13,6 foizni tashkil etib, bazaviy prognoz koridorining quyi chegarasiga yaqin darajada saqlanib qoldi. Bunda, yillik inflyatsiya darajasi oxirgi 5 oy davomida 13,5—13,7 foiz oralig‘ida saqlanib qoldi.

Iqtisodiyotda ishlab chiqarish hajmlariga nisbatan kreditlar ajratish va davlat xarajatlarining yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi hisobiga ichki narxlarga yalpi talab tomonidan bosimning ortishi, aholi daromadlari ko‘payishi hamda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi ma’lum darajada inflyatsiya darajasini pasaytirish vazifasini qiyinlashtirmoqda.

Oziq-ovqat inflyatsiyasi meva va sabzavot mahsulotlari narxlari o‘zgarishini hisobga olmaganda aprel oyida o‘zining eng yuqori darajasiga yetdi. Bunga narxlarning soliq tizimidagi o‘zgarishlar hamda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishiga moslashishi sabab bo‘ldi. Ushbu omillar ta’sirining sekin-asta kamayishi 2019-yilning may—iyun oylarida mazkur mahsulotlar narxlari dinamikasining pasayishida o‘z aksini topdi.

Ayrim turdagi meva va sabzavotlar narxlarining o‘tgan davrda past bo‘lganligi hisobiga 2019-yilning ikkinchi choragida ular narxlarining o‘sish sur’ati tezlashib, yillik inflyatsiyaga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatdi. Taqqoslash uchun, 2018-yil ikkinchi choragida meva va sabzavot mahsulotlari narxlari 18,7 foizga pasaygan bo‘lsa, 2019-yilning ikkinchi choragida 8,1 foizga kamaydi.

Mazkur davrda aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari, umuman olganda, pasayuvchi dinamikani namoyish etdi. Yuridik shaxslarning inflyatsion kutilmalarida barqaror pasayish trendi kuzatilgan bo‘lsa, ayni vaqtda, jismoniy shaxslar kutilmalarida 2019-yil yanvar—aprel oylaridagi pasayishdan so‘ng, oxirgi ikki oyda o‘sish kuzatildi.

Markaziy bank pul-kredit siyosatini yuritishda, inflyatsiya darajasini 2021-yilda bir xonali raqamgacha pasaytirish vazifasidan kelib chiqadi. Bunda, bazaviy ssenariy bo‘yicha 2020-yil uchun inflyatsiya prognozini 10—12 foiz darajasida saqlab qoldi.

Kelajakda inflyatsiya darajasini pasaytirish vazifasi davlat xarajatlari va kreditlash hajmlari o‘sish sur’atlarini maqbullashtirishni talab etadi. Inflyatsiya darajasini pasaytirishda yana bir muhim omil bo‘lib, tarkibiy islohotlar, xususan sog‘lom raqobat sharoitlarini yaratish, investitsion muhitni yaxshilash yo‘lidagi fundamental to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha ta’sirchan choralarning ko‘rilishi, infratuzilmani rivojlantirish, davlat korxonalarini isloh qilishni o‘z vaqtida amalga oshirish, olib borilayotgan soliq islohotlari samaradorligini oshirish kabilar hisoblanadi.

2019-yil birinchi yarim yilligida makroiqtisodiy sharoitlar asosan, ayrim xom-ashyo tovarlari eksporti uchun qulay bozor kon’yunkturasi hamda yalpi talabning yuqori o‘sish sur’atlari ta’sirida shakllandi.

Mazkur davrda YaIM o‘sish sur’ati 5,8 foizni tashkil etdi. Bunda, yuqori iqtisodiy faollik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish (6,9 foiz), qurilish ishlari (20 foiz) va xizmatlar sohasida (12,7 foiz) kuzatildi. Shuningdek, asosiy kapitalga investitsiyalar 58,9 foizga o‘sdi.

O‘zbekiston iqtisodiyotining joriy holati o‘ziga xos hisoblanib, yillar davomida yig‘ilib kelgan investitsion “chanqoqlik”, ijtimoiy-iqtisodiy xarajatlarning kechiktirilganligi va iqtisodiyotni erkinlashtirish bilan birgalikda bugungi kunda moliyaviy va investitsiyaviy resurslarga qo‘shimcha talabni yaratmoqda. Bunda, iqtisodiyotni kreditlash hajmining kengayishi hamda byudjet xarajatlarining dastlabki ko‘zda tutilgan hajmlarga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi 2019-yilning birinchi yarim yilligida talabni oshiruvchi asosiy omillar bo‘ldi.

Ushbu davrda tashqi savdo balansining salbiy saldosi 2,8 milliard dollarni tashkil etdi va yil oxirigacha oshishi kutilmoqda. Tashqi savdo balansi taqchilligi joriy operatsiyalar balansining birlamchi va ikkilamchi hisoblari sof daromadlari hamda moliyaviy hisoblar evaziga qoplanishi kutilmoqda. Bu milliy valyutaning almashuv kursiga sezilarli bosim yaratmaydi.

2019-yil dastlabki yarim yilligida milliy valyuta almashuv kursi eksport tushumlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hisobiga ichki valyuta bozoriga xorijiy valyutaning mo‘’tadil taklifi natijasida nisbatan barqaror bo‘ldi. Yil boshidan so‘m almashuv kursi 2,7 foizga qadrsizlandi.

Iqtisodiyotda yalpi talabning sezilarli darajada oshishi 2019-yil yakuniga ko‘ra real YaIM o‘sish sur’atining dastlabki prognozlarga nisbatan biroz tezlashishiga xizmat qilishi mumkin.

Pul-kredit sharoitlari. Bank tizimida likvidlikning tarkibiy profitsit bilan shakllanishiga bog‘liq holda banklararo pul bozorida foiz stavkalari 13,7 foizdan 15,1 foizgacha oraliqda tebranib turdi. Iyul oyining o‘tgan davrida o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 15,4 foizgacha ko‘tarildi.

Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha tijorat banklarining kredit qo‘yilmalari 23,4 foizga (38,6 trillion so‘mga) oshgan bo‘lsa, yillik o‘sish sur’ati prognoz ko‘rsatkichlaridan 2 barobardan ziyodroq oshib, 52,8 foizgacha tezlashdi. Bunda, milliy valyutadagi kreditlar yil boshidan 22 foiz yoki 16,3 trillion so‘mga (2018-yilning mos davrida 37,4 foiz yoki 16,2 trillion so‘m), yillik hisobda esa 54,0 foizga ko‘paydi.

Kredit bozorining joriy segmentlashgan holatida pul-kredit sharoitlari alohida qarzdorlar guruhi uchun turlicha bo‘lib qolmoqda. Pul-kredit siyosatining qat’iy sharoitlari bozor shartlarida kredit oluvchi biznes subyektlariga ko‘proq sezilmoqda.

Tahlil qilinayotgan davrda muddatli depozitlar bo‘yicha ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari 32,7 foizga oshib, ularning milliy valyutadagi jami depozitlar tarkibidagi ulushi 32 foizga (2018-yilning mos davrida 21 foiz) yetdi.

Joriy holatda depozitlar bo‘yicha yuqori foiz stavkalari pul-kredit sharoitlari bilan bir qatorda inflyatsion kutilmalar yuqoriligi bilan izohlanadi. Bu, o‘z navbatida, kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatadi.

Prognoz va asosiy xatarlar. Birinchi yarim yillikda inflyatsiya darajasi prognoz koridorining quyi chegarasida shakllanishiga qaramasdan, pul-kredit siyosatining 2019-yil va 2020—2021-yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarining muqobil ssenariysida nazarda tutilgan ba’zi bir xatarlar hali ham saqlanib qolmoqda.

Xususan, energiya resurslari narxlarining bosqichma-bosqich erkinlashtirilishi, QQS bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishi, bojxona bojlari va tariflarini qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi, kreditlashning jadal sur’atlari, inflyatsion kutilmalarning jilovlanmaganligi va ularning nisbatan yuqoriligi kabi omillar kelgusida qo‘shimcha inflyatsion bosimning paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Markaziy bank yuqorida ta’kidlab o‘tilgan inflyatsion xatarlarning amalga oshish ehtimolligini hisobga olib, 2019-yil oxiriga inflyatsiya prognozini 13,5—15,5 foiz darajasida o‘zgartirishsiz saqlab qolmoqda.

Bunda, 2019-yil uchinchi choragida yillik inflyatsiya darajasi energiya resurslari tariflari, ish haqi va pensiya to‘lovlarining kutilayotgan oshirilishi natijasida joriy ko‘rsatkichlarga nisbatan biroz yuqori bo‘lishi mumkin. Lekin, 2019-yilning to‘rtinchi choragida tartibga solinadigan narxlar oshirilishining yillik inflyatsiyaga ta’siri kamayib, inflyatsiyaning prognoz ko‘rsatkichlari doirasida bo‘lishiga yordam beradi.

Byudjet xarajatlarini maqbullashtirish zaruriyatining yuzaga kelishi sharoitida banklarni o‘z resurs bazasini shakllantirishda markazlashgan resurslardan an’anaviy bozor instrumentlariga yo‘naltirishni rag‘batlantirish talab etiladi. Bu, o‘z navbatida, pul-kredit siyosatining keyingi davrdagi yo‘nalishini belgilashda inobatga olib boriladi.

Kelgusida Markaziy bank inflyatsiyaning ichki va tashqi omillari ta’sirini, iqtisodiyot holatini diqqat bilan kuzatib boradi, banklarning moliyaviy barqarorligi monitoringini amalga oshiradi hamda iqtisodiyotda noaniqliklar va tarkibiy shoklarning bosqichma-bosqich kamayishidan kelib chiqib tegishli choralar ko‘rib boradi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
AQSH Yelsinning Ukraina haqidagi bayonotini maxfiylikdan chiqardi
Iqtisodiyot
Korrupsiya darajasi, iqtisodiy erkinlik indeksi: O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni qanday o‘zgarmoqda?
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda frilanserlik: ular qancha maosh oladi va nega ko‘paymoqda?