Poytaxtdagi Milliy matbuot markazida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan oila institutini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
“Oila” markazi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda oila mustahkamligiga salbiy ta’sir qiluvchi huquqiy normalar inventarizatsiyadan o‘tkazilib, qonun va qonunosti hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha Oila, Mehnat, Uy-joy, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarning jami 1 ming 658 ta moddasi tahlil qilinib, ularga nisbatan 50 ta taklif berilgan.
Markaz tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida ishlab chiqilgan metodika, chora-tadbirlar va tavsiyalar asosida ajrashish uchun ariza bergan 878 ta oila yarashtirilishiga erishildi. 13 ming 493 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar tiklandi va 21 ming 293 nafar bola yarim yetim bo‘lishdan saqlab qolindi. Shuningdek, nochor oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqilishi 2 ming 670 nafar oilaning muammolarini hal etdi.
Shuningdek, oila institutini rivojlantirish borasidagi islohotlarni yoritish maqsadida ta’sis etilgan “Markaziy Osiyoda jamiyat, gender va oila” nomli xalqaro ilmiy jurnalning tahrir kengashi tarkibiga Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Amerika va Buyuk Britaniya olimlari jalb etildi.
“Markazimiz va qator hamkor tashkilotlar tomonidan yosh yigit-qizlarni oilaviy hayotga tayyorlashning zamonaviy, yoshlarbop uslubi sifatida “Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi“ tashkil etilgan. Ushbu maktablarda bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar uchun oilaviy munosabatlarning ma’naviy-axloqiy asoslari, oila iqtisodiyoti, oiladagi ijtimoiy muhit, nikoh munosabatlari, sog‘lom turmush tarzi muloqot madaniyati va nizolarning oldini olish kabi masalalar yuzasidan mahorat darslari o‘tilmoqda. Mazkur maktablarda shu kunga qadar 12 ming 564 nafar bo‘lg‘usi kelin-kuyov ta’lim oldi. Ularga “Oila“ markazi tomonidan tayyorlangan “Mustahkam oilaga yo‘llanma“ deb nomlangan yon daftarcha shaklidagi qo‘llanma topshirildi va yoshlarning “Oila saboqlari“ nomli mobil ilovaga ulanishlari ta’minlanmoqda”, — dedi “Oila“ markazi mas’ul xodimi Gulnora Eshonxonova.
Izoh (0)