Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasiga kelib tushgan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda, ularning aksariyat qismini uy-joyga doir masalalarni tashkil etmoqda. Ya’ni boquvchisini yo‘qotgan keksalar, turli og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan fuqarolar hamda oilaviy ajrimlar natijasida uysiz qolgan ayollarda uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj yuqori bo‘lib qolmoqda.
Jurnalist Jonibek Ma’rupov “Daryo”ga xabar berishicha, bu haqda joriy yilning 10-iyul kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining 2019-yil o‘tgan olti oyi davomida amalga oshirgan ishlari va istiqboldagi rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Tadbirda Senat a’zosi Zayniddin Nizomxo‘jayev bu boradagi asosiy muammolarni sanab o‘tdi:
— Bunday murojaatlarni yozgan fuqarolarimizning deyarli barchasi ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamga mansub bo‘lib, ularda xattoki kredit asosida imtiyozli uylarni olish uchun imkoniyat mavjud emas. Ishsiz yoki kredit to‘lash uchun nafaqa yoki oylik ish haqi miqdorining yetmasligi, ayniqsa, boshlang‘ich to‘lovni amalga oshirish uchun kerakli mablag‘ning yo‘qligi ularni uy-joy bilan ta’minlash imkoniyatini bermayapti.
Izoh (0)