Iyun oyida Tovar xomashyo birjasining birja savdolari orqali 77,8 million so‘mlik 10,1 ming gramm qimmatbaho metallar sotildi. Bu haqda birja saytida keltirilgan ma’lumotlariga tayanib Spot xabar berdi. Tuzilgan bitimlarning hajmi bo‘yicha tovarlarning asosiy qismini kumush egallagan.

Foto: Tovar xomashyo birjasi matbuot xizmati

Xususan, birja savdolarida 41,1 million so‘mlik 10,0 ming gramm Ag-1 markali kumush quymasi sotildi. Savdo natijalarida shakllangan birja narxi 1 gramm kumush uchun 4 115,1 so‘mni tashkil etgan.

Shu bilan birga, 18-iyun kuni birjada 36,6 million so‘mlik Au-1 markali 100 gramm oltin sotilgan. Birja kotirovkasi 1 gramm oltin uchun 365,9 ming so‘mni tashkil qilgan.

Birja savdolarida sotuvchi sifatida “Olmaliq KMK” AJ ishtirok etgan.

Hukumatning 1-martdagi qaroriga asosan, sanoatda ishlatiladigan mahsulotlarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, yuridik shaxslar va yakka tadbirkorlar qimmatbaho metallardan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqaruvchilar birja savdolarida qimmatbaho metallarning xaridorlari hisoblanadi.