Buxoroda kitob targ‘ibotiga bag‘ishlangan “Kitob karvoni” aksiyasi o‘tkazildi. Bu haqda viloyat hokimligi Xotin-qizlar qo‘mitasi “Daryo”ga xabar berdi.
Tadbirda kitob targ‘ibotiga oid ko‘rgazmalar bilan jihozlangan va turli janrlardagi 10530 dona kitob to‘plami ortilgan Damas avtomashinalaridan iborat “Kitoblar karvoni” Buxoro shahridan viloyatning mavjud 13 ta tuman, shaharlariga faollar va tashabbuskor yoshlar hamrohligida manzillar sari yo‘l olgan. 128 million so‘mlik kitoblar bepul tarqatilgan. Shuningdek, kitoblar karvoniga “Buxoro kitob olami” savdo majmuasi tomonidan ham 650 dona kitob sovg‘a qilingan.
— “Kitoblar karvoni” aksiyasi doirasida viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi hamda “O‘zdavkitobta’minot” bilan 340 million so‘mlik shartnoma tuzildi va uning boshlang‘ich 15 foizlik to‘lovi amalga oshirildi. Bugun jamiyatda internet tizimi rivojlanayotganiga qaramay, odamlar o‘rtasida ezgulikni targ‘ib etishda, baribir, kitobning o‘rni saqlanib qolmoqda. Munosib tarzda kitob o‘qishga bo‘lgan ehtiyoj ham oldingi yillarga qaraganda ancha yuqori. “Kitoblar karvoni” ana shu ma’naviy ehtiyojni baholiqudrat to‘ldirishga qaratilgan, desak adashmagan bo‘lamiz, — dedi viloyat Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Feruza Ibragimova.
Aksiya doirasida “Kitobxon oila”, “Kutubxonam nurga to‘ldi” tadbirlari o‘tkazilgan.
Ma’lumot o‘rnida: Buxoroning 12 ta hududida yangi kitob do‘konlarini qurish ishlari boshlangan. Ayni paytda esa viloyat bo‘yicha jami 32 ta kitob do‘koni mavjud. Bozorlardagi yoyma kitob rastalari soni esa 30 dan ortiq.
Izoh (0)