Uzanalytics professor Stefan Hedlundning Markaziy Osiyo davlatlari haqidagi “Markaziy Osiyoda hokimiyat o‘zgarishi” nomli tahliliy maqolasini chop etdi. Maqola Geopolitical Intelligence Services’da chop etilgan bo‘lib, unda Markaziy Osiyoda ro‘y berayotgan voqealar, yuzaga kelgan muammolar va o‘zgarishlar bayon etilgan. Quyida maqola to‘lig‘icha havola etildi.
Yaqinda ro‘y bergan voqealar mintaqaga nisbatan sust hudud degan qarashni qayta ko‘rib chiqishni taqozo qilmoqda. Tahlilchilar Xitoy bilan Rossiyaning ushbu mintaqaga oid o‘zaro zid rejalari haqida o‘zbilarmonlik qilayotgan paytda mahalliy yetakchilar jug‘rofiy-siyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan avtonomiya sari qadamlar qo‘ymoqda. Buning uchun ulkan dov tikilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi va Osiyo taraqqiyot banki yaqinda o‘tkazgan qo‘shma tadqiqotda mintaqada samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish Markaziy Osiyo yalpi ichki mahsulotining (YaIM) ikki barobar oshishiga sabab bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelindi. Yaqinda mintaqa rahbarlari sammitlari Rossiya ishtirokisiz bo‘lib o‘tdi, unda mahalliy rahbarlarning boshqaruvni qo‘liga olib, muammolarni o‘zi hal qilishga intilishi namoyon bo‘ldi. Pekin bilan Moskva ushbu mamlakatlarning o‘z imkoniyatlarini Yevropa va AQSh bilan qayta birlashish orqali kengaytirishday intilishlarini xush ko‘rmaslikda yakdildir.
Sovet Ittifoqi merosi
Tashqi kuchlar hamon mintaqadagi voqealarni shakllantirishda muhim rol o‘ynayotgani sir emas. Voqealar qay yo‘sinda rivojlanishi mumkinligini teran tushunib olish jarayonlarning mintaqadagi ishtirokchilari o‘zaro aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan strategiyalarni qanday ishlab chiqayotganiga ko‘proq e’tibor qaratishni talab etadi. Ular Rossiya hukmronligining parchalashga yo‘naltirilgan tarixiy merosini yengib o‘tish bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda, bu ko‘pincha hamkorlikka to‘sqinlik qilmoqda. Eng kechiktirib bo‘lmaydigan masalalar chegaralar bilan bog‘liq.
Stalin atay shuncha mojarolarga sabab bo‘lgan adovat urug‘ini sepib ketgan edi
Mintaqaning milliy tarkibi mo‘g‘illar Oltin O‘rdasining ko‘chmanchi turkiy xalqlar bilan qorishib ketgan qabila tuzilmasiga borib taqaladi. Rossiya imperiyasi mintaqaga qadar kengayib kelganida, bu yer unda yashaydigan fors-tojiklarni mensimay, “Turkiston” deb atala boshlandi. Iosif Stalin keyinchalik mintaqani beshta sovet respublikasiga bo‘lib yuborayotib, ataylab adovat urug‘ini sepgan edi, oqibatda so‘nggi o‘n yilliklarda bu yerda juda ko‘p mojarolar yuz berdi. Ko‘hna fors madaniyatining Samarqand va Buxoro shaharlari forsiy Tojikiston SSRga emas, turkiy O‘zbekiston SSR tarkibiga qo‘shib berildi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston SSR o‘rtasidagi chegaralar murakkab ilonizi qilib chizildi va bu hol mahalliy chegara mojarolarini atay ko‘paytirib yubordi; qo‘shni respublikalarda ulkan etnik eksklavlar hosil qilindi. Ushbu chigal masalalar tinch yo‘l bilan hal etilgan taqdirda ham, mintaqa avtonomiya, barqarorlik va potensial farovonlik sari uzoq yo‘lni bosib o‘tishi kerak bo‘ladi.
Yana bir muammo — suv taqsimoti masalasidir. Mintaqaga suv oqimi Pomir (va Tyanshan-Tangritog‘ tarjimon izohi.) tog‘laridan boshlanadigan ikki daryo: Amudaryo va Sirdaryodan keladi. Sovetlar davrida o‘sha suv, asosan, O‘zbekistondagi ulkan paxta plantatsiyalarini sug‘orish uchun ishlatilgan edi. Sug‘orishdan bebiliska foydalanilishi oqibatida bir zamonlar dunyodagi to‘rtinchi katta ko‘l bo‘lgan Orol dengizi XX asrning 60-yillaridagi suvining 90 foizini yo‘qotishi oqibatida mahalliy baliqchilik xo‘jaliklari yo‘q bo‘lib ketdi.
Tojikistonda Nurek GES uchun 300 metr balandlikdagi to‘g‘on qurilishi muammoni yanada chigallashtirdi. 1980-yili qurib bitkazilgan GES dunyodagi eng baland to‘g‘onga ega bo‘ldi. U 2700 megavatt elektr quvvati ishlab chiqarish va 650 ming gektar yerni sug‘orishga mo‘ljallangan edi. Tojikiston yaqinda Nurekka yaqin joydagi Rog‘un shahri biqinida ikkinchi to‘g‘on qurilishini boshladi. 335 metrlik to‘g‘on dunyo to‘g‘onlarining eng balandi bo‘ladi. Oqimning quyi qismida joylashgan qo‘shni mamlakatlar o‘zining paxta yetishtirishiga putur yetishidan cho‘chimoqda. Shu bois mintaqada o‘zaro ishonchni orttirish ehtiyoji vujudga kelmoqda.
Uchinchi muammo — rus tilidan istisnoli tarzda foydalanish va Rossiyadagi ta’lim muassasalari bilan qalin aloqalarga sabab bo‘layotgan ruslashtirish bilan bog‘liq. Ushbu meros Rossiyaga tashqi kuchlarga nisbatan ancha-muncha ustunlik beradi. Yaqindagi panturkizmning kuchayib borayotgan ta’siri bilan bir qatorda kirill alifbosidan voz kechish va rus tilining ahamiyatini kamaytirishga bo‘lgan urinishlar mintaqa aholisining o‘ziga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirib yubormoqda. Mintaqadagi yangi o‘zlik — identitetlarning paydo bo‘lishi ushbu mamlakatlarning avtonomiyasini mustahkamlash sari ulkan bir qadam bo‘lishi mumkin.
O‘zbeklar bilan qozoqlarning qayta inoqlashuvi
Bugun chindan ham samarali, natija beradigan mintaqaviy hamkorlikka erishish mumkinmi, degan savol asosiy masala bo‘lib turibdi. Vaziyat jiddiy jug‘rofiy-siyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkin: bunga “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi va Rossiyaga xavfsizlikni ta’minlab beruvchi kuchlar sifatidagi qiziqishning yo‘qolishidan boshlab, Yevropa bilan AQShning mintaqa bozori rivojlanishi borasidagi roli kuchayishigacha kirishi mumkin. Mintaqa hamkorligi borasida muvaffaqiyatga erishish beshta mamlakat yetakchilari, ayniqsa, O‘zbekiston bilan Qozog‘iston rahbarlari o‘rtasida o‘zaro ishonchni qaror toptirishga bog‘liq.
O‘ttiz yilcha hokimiyatni egallab turgan O‘zbekistonning qattiqqo‘l prezidenti Islom Karimovning o‘limi (2016-yil) ayni damda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga turtki berdi. Sovet Ittifoqi davrida Toshkent mintaqadagi eng yirik ta’sir kuchiga ega shahar, O‘zbekiston esa Markaziy Osiyoning yetakchi mamlakati hisoblanar edi. Ammo mustaqillik e’lon qilingandan so‘ng prezident Karimov beqaror boshqaruv usulini joriy qildi hamda bu hol izolyatsiya va ta’sir kuchining yo‘qolishiga sabab bo‘ldi.
Asosiy savol: Mintaqada samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish mumkinmi?
Oqibatda mintaqadagi yetakchilik roli Qozog‘iston va uning uzoq muddat rahbarlik qilgan prezidenti Nursulton Nazarboyevga o‘tib ketdi. Topilgan ulkan neft zaxiralari sabab neft va gaz kapitaliga suyangan Nazarboyev AQSh bilan yaxshi, Rossiya bilan juda yaxshi munosabat o‘rnatdi. Qozog‘iston Bojxona ittifoqi asoschilaridan biri edi, keyinchalik u Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shildi. Moskva bilan Ostona (yaqinda Nursulton deb qayta nomlandi) o‘rtasidagi sheriklik Yevroosiyo siyosatining asosiy omiliga aylandi.
Karimov o‘limidan oldin uzoq vaqt unga vorislik uchun kurash juda keskin tus oladi, O‘zbekiston islom harakati (O‘IH) singari jihodchi jangari kuchlar hokimiyatni egallashi mumkin, qabilidagi har xil gap-so‘zlar keng tarqalgan edi. Siyosiy elitaning hokimiyatni boshqa qo‘lga o‘tishida tartibni ta’minlay olgani tashqi kuzatuvchilarni lol qoldirdi. Yangi prezident Shavkat Mirziyoyev ichki islohotlar o‘tkazish uchun keng qamrovli dasturni o‘rtaga tashladi — bu iqtisodiyot sohasidagi kuzatuvchilarning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. U yana qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlarni yaxshilash uchun muvaffaqiyatli tashqi siyosat ham yurita boshladi.
Prezident Mirziyoyevning 2017 va 2018-yillarda mos ravishda Tojikiston va Qirg‘izistonga buyurgan davlat tashriflari O‘zbekistonning 90-yillarda ushbu mamlakatlarda ro‘y bergan fuqarolik urushlariga aralashuvi bilan bog‘liq gina-kuduratni o‘rtadan ko‘tardi. Bunga javoban, uning ma’muriyati jangari islomchilarga boshpana berayotgan mamlakatlar ustidan shikoyat qilishga barham berdi hamda O‘zbekiston islom harakati jangarilarining ancha oldingi hujumlariga javoban chegaraga o‘rnatilgan yer usti minalarini olib tashlay boshladi. O‘zbekiston hukumati Rog‘un to‘g‘oni qurilishi bundan buyon Tojikiston bilan munosabatlarda muammo bo‘lmasligini e’lon qildi hamda Qirg‘iziston bilan o‘rtadagi chegaraning 85 foizini demarkatsiya qilish uchun bitim imzoladi. Viza rejimini yumshatish bo‘yicha bitimlar savdo-sotiq kengayishiga olib keldi.
Garchi kichik qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatish muhim ahamiyatga ega bo‘lsa-da, Qozog‘iston bilan munosabatni tuzatish Mirziyoyev uchun haqiqiy mukofot bo‘ldi. 33 millionlik aholisi Qog‘ozistonning 18 millionlik aholisiga solishtirilganda, O‘zbekiston mintaqaning eng ko‘p nufuzga ega mamlakati sanaladi. Boz ustiga, u eng katta xavfsizlik kuchlariga ham ega. Shunga qaramasdan, uzoq vaqt tashqi dunyodan uzilib qolgani uchun iqtisodiy istolohotlarni amalga oshirishda inson kapitaliga yolchimayapti. Beshta mamlakat ichida eng boyi bo‘lgan Qozog‘iston mintaqada yetakchilikka erishish uchun nou-hauga ham, iqtisodiy imkoniyatlarga ham, O‘zbekistonning jadal rivojlanishiga ko‘maklashish imkoniyatiga ham ega.
Asosiy muammo O‘zbekistonning tiklanishi bilan kelisha olishdadir. Hozircha hammasi ko‘ngildagidek. O‘zaro madaniy va gumanitar aloqalar rivojlanmoqda; 2018 yili Qozog‘istonda O‘zbekiston yili bo‘ldi, 2019-yili esa O‘zbekiston Qozog‘iston yili o‘tkazilmoqda. Eng muhimi, 2018-yilda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 47 foiz o‘sib, 3 milliard AQSh dollariga yetdi.
Bunga energetika sohasidagi hamkorlikni misol qilib keltirish mumkin. O‘zbekiston 90-yillarda ulkan neft konlari topilgani natijasida yiliga 11 million tonnagacha neftni qayta ishlaydigan zavodlar qurdi. O‘sha neft quduqlari qurib qolgani sababli zikr etilgan qayta ishlash zavodlari bugunga kelib yarim quvvat bilan ishlamoqda. Rossiya unga neft yetkazib bera boshladi, Qozog‘iston ham shunga tayyor turibdi. Qozog‘iston hukumati 2018-yilda O‘zbekistonga 260 000 tonnaga yaqin neft yetkazib bergan edi, endi esa qo‘shnisiga 2 million tonna jo‘natishga hozir ekanini bildirdi. Ushbu raqam pirovardida 5 million tonnaga yetadi. Buning uchun Omsk — Pavlodar — Chimkent neft quvurini O‘zbekistonga qadar cho‘zish talab etiladi.
Iqtisodiy hamkorlikdan boshqa sohalarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘zgarishlarning eng muhim xususiyati sifatida mintaqa mamlakatlari rahbarlarining Rossiya ishtirokisiz bo‘lib o‘tgan sammitlari ko‘zga tashlanadi. 2018-yil martida prezident Nazarboyev mintaqadagi besh mamlakatning to‘rt rahbarini o‘z yurtiga mehmonga chorladi hamda tomonlar savdo-sotiqni rivojlantirish va suv resurslarini taqsimlash masalalarini muhokama qildi. U ayni tashabbusni prezident Mirziyoyev ko‘rsatganini, o‘zaro munosabatlarda yangi muhit yuzaga kelayotganini, keyingi yillik uchrashuvlarda umumiy muammolarni “tashqi o‘rgatuvchilar”siz hal etish masalalari muhokama qilinishini kutayotganini ta’kidladi. Garchi Turkmaniston prezidentlar darajasidagi uchrashuvda qatnashmagan bo‘lsa-da, 2018-yil avgustida besh yetakchining barchasi Orol dengizi muammosini muhokama qilish aynan Turkmanistonda uchrashdi.
G‘arb mamlakatlari bilan hamkorlik
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik borasida vujudga kelgan yangi muhit saqlanib qolsa, mintaqa yalpi ichki mahsulotining ikki barobar oshish ehtimoli Yevropa bilan AQShni hamkorlikni tiklashga undashi mumkin. O‘zbekiston bilan Qozog‘iston tandemi shunga erishish uchun diplomatiya sa’y-harakatlarini ayamayapti. Prezident Nazarboyev 2018-yil yanvarida Vashingtonga safar qildi, Mirziyoyev esa uning ortidan may oyida o‘sha yoqqa bordi. Munosabatlarni tiklashning biznes va investitsiyalarga asoslangan kun tartibi inson huquqi himoyasi va demokratik boshqaruv masalalarini ham qamrab oladi – u muvaffaqiyat qozonishi ham mumkin. AQSh bilan Yevropa Ittifoqi rahbarlari ushbu sa’y-harakatlarga ijobiy javob qaytardi.
O‘zgarishlarning eng muhim xususiyati mintaqadagi sammitlarning Rossiya ishtirokisiz o‘tayotgani bo‘ldi
Nazarboyevning Vashingtonga safaridan so‘ng Davlat departamenti Qozog‘iston bilan “Kengaytirilgan strategik sheriklik” muloqoti rejasini e’lon qildi. Uning maqsadi “siyosiy va xavfsizlik masalalari, savdo-sotiq va investitsiya bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish”dan iborat. Yevropa Ittifoqining maxsus vakili Piter Burian joriy yil yanvarida Toshkentga qilgan safari chog‘ida YEI yangi mintaqaviy siyosatini olqishlayotganini hamda texnik yordam, grantlar va boshqa vositalar orqali ko‘makning barcha turlarini ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. YeIning Markaziy Osiyo bilan hamkorligi yangi strategiyasi O‘zbekistonning mintaqa integratsiyasidagi yetakchi rolini aks ettiradi.
Ushbu tashabbuslarga jiddiy qaralayotgani sabablaridan biri “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi o‘z jozibasini yo‘qotayotgani bilan bog‘liq. Tashabbusning ayrim infratuzilma loyihalariga oid qurilish ishlari sifati yetarli darajada bo‘lmayotgan ko‘rinadi. Investitsiyalar qisqarmoqda hamda rasmiy Pekinning kredit berishdagi talonchilik amaliyoti sabab xavotirlar ortib bormoqda. Shinjonda musulmon uyg‘urlar barobarida etnik qozoq va qirg‘izlar ham ta’qib qilina boshlagach, Xitoy ta’siriga qarshi g‘azab kuchayib ketdi.
Boz ustiga, yaqinda O‘zbekistonga kiritilayotgan investitsiyalar miqdori ortib ketgan bo‘lsa-da, Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ta’siri zaiflashmoqda. Rus tilining qo‘llanishi qisqarmoqda. Uyg‘urlarning ta’qib qilinishiga qarshi chiqqan Turkiya prezidenti Rejep Tayyib Erdo‘g‘on o‘zining panturkizm siyosatini yurgizish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratdi. Afg‘onistondan islomchi jangarilarning bostirib kirish tahdidini pesh qilaverish ham endilikda Rossiya qurol-yarog‘ini sotib olishga bo‘lgan qiziqishni oldingiday saqlab tura olmayapti.
Eski gumonlar
Shunga qaramasdan, mintaqadagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq umidlarni chippakka chiqarishi mumkin bo‘lgan bir necha sabab mavjud. Shulardan biri AQSh bilan Yevropa kompaniyalarining munosabatlarni tiklashdan chindan ham manfaatdor yoki manfaatdor emasligi bilan bog‘liq. Garchi AQSh harbiylarining O‘zbekiston bilan hamkorlik zarur ekaniga ishonchi komil bo‘lsa-da, xususiy tadbirkorlar inson huquqining buzilish hollari ijtimoiy munosabatlarga ta’sir etayotganidan xavotirga tushmoqda. Rossiya kompaniyalari bilan ishlayotgan sheriklar bilan hamkorlik qilish sanksiyalarga sabab bo‘lishiday xavfdan cho‘chish ham bor gap.
Beshta mamlakat iqtisodiy hamkorlik tiklanishidan foyda olish uchun chindan ham jipslasha oladimi, degan yana bir haqli savol tug‘iladi. O‘zbekiston jiddiy muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsa-da, Turkmaniston buning uchun betaraflikdan chiqishi kerak bo‘ladi, qolaversa, Qozog‘iston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlarda ham muammolar talaygina.
Qirg‘iziston 2017-yilgi prezident saylovidan bir oz oldin Ostonani ichki ishlariga “aralashganlik”da ayblagan edi
Qirg‘iziston 2017-yilgi prezident saylovidan bir oz oldin Ostonani ichki ishlariga “aralashganlik”da ayblagan edi. Lavozimini topshirayotgan prezident Almazbek Atambayev Nazarboyevga tashlanib qoldi va uning rejimi Qirg‘iziston boyliklarini “o‘ziniki qilib olayotgani”ni iddao qildi. U Qozog‘istondan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi standartlariga moslashish uchun ajratilishi kerak bo‘lgan 100 million AQSh dollarlik qarz olish to‘g‘risidagi bitimni bekor qildi.
Ostona bunga javoban chegarada tekshiruvlarni joriy qildi, oqibatda bu Qozog‘istonga kirmoqchi bo‘layotgan kishilar va transport vositalarining chegarada soatlab ushlanib qolishiga sabab bo‘ldi. Qozoq rasmiylari Qirg‘izistonni milliardlab dollarlik kontrabanda tarmog‘ini ko‘rib, ko‘rmaslikka olayotganlikda aybladi. Garchi prezident Nazarboyev yangi prezident Sooronbay Jeenbekovga nisbatan murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa-da, muammolar to‘liq bartaraf etilmadi. 2019-yil aprelida yuk mashinalari yana chegarada turib qoldi.
Mintaqa davlatlarining shakllanishi ham chegaralar bilan bog‘liq murakkab masalalarni hal etishni taqozo qiladi. O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston ushbu masalada ancha-muncha olg‘a siljishga erishdi hamda bir paytlar mahalliy aholi bilan chegarachilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan va uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan kamsonli elatlar bilan bog‘liq tarang vaziyatni yumshatdi. Keyinchalik hududlarni almashishdan tortib, bemalol o‘tib-qaytish uchun koridor ochib berishgacha bo‘lgan masalalarni qamrab olishi taxmin qilinayotgan chegara demarkatsiyasi bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Biroq hali chegaraning qolgan 15 foizini belgilab olish kerak, shu sabab o‘rtada yashirin adovat yuzaga chiqishi ehtimoli ham yo‘q emas.
Mintaqadagi iqtisodiy rivojlanishga shahar bilan qishloq orasidagi tafovutning kattaligi va ijtimoiy ta’minot tarmog‘ining butunlay ishdan chiqqani ham tahdid soladi. Qashshoqlikning ortib ketishi sababli hukumatlar mehnat migrantlari jo‘natayotgan pul ko‘chirmalariga bog‘liq bo‘lib qoladi. Yana bir tomoni, hukumatlar migrantlarning chet ellarda radikallashuvi mintaqa xavfsizligiga tahdidlarning kuchayishiga duch kelmoqda. Bu esa mintaqa xavfsizligini ta’minlashdagi kuch sifatida Rossiyaga qo‘l keladi.
Garchi ushbu mulohazalar mintaqa yalpi ichki mahsulotining ikki barobar ortishi, YeI bilan AQShning bu yerdagi qayta faollashishi bilan bog‘liq kutilmalarni jilovlash haqida o‘ylab ko‘rishga majbur etadi. Biroq Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi qalin munosabatlar savdo-sotiq va xavfsizlik masalalariga ta’sir o‘tkazishi, mintaqa mamlakatlarining kelgusida Pekin bilan Moskvaga bu yerda istagan ishini qilishiga ko‘proq qarshilik ko‘rsatishi Markaziy Osiyo o‘zgarayotganini taxmin qilish uchun yetarli isbotlar borligi haqida gapirishga asos beradi.
Izoh (0)