Samandar Qo‘qonov 1994-yil 23-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bo‘yicha jinoyat sodir etgani uchun 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bu haqda Oliy sud ma’lum qildi.
S.Qo‘qonov 2016-yilda ozodlikka chiqarilgan edi.
1945-yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan S.Qo‘qonov O‘zbekiston Respublikasi sobiq xalq deputati bo‘lgan, “Tashtransneftmahsulot“ korxonasi direktori bo‘lib ishlagan.
2019-yil 22-aprelda S.Qo‘qonov O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga oqlov (reabilitatsiya) talab qiladigan kassatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi ushbu jinoyat ishini 2019-yil 12-iyunda ko‘rib chiqishga kirishdi.
2019-yil 10-iyul kuni ushbu sud jarayoni yakuniga yetdi. Ya’ni so‘nggi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ajrimi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 1994-yil 23-avgustdagi hukmi o‘zgartirildi.
Ushbu ajrimga ko‘ra, S. Qo‘qonovning ayblovidan bir necha moddalar chiqarildi, boshqa moddalar bilan tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirildi, qolgan moddalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga (1994-yil tahrirdagi) muvofiq qayta kvalifikatsiya qilindi. S.Qo‘qonovga 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. S. Qo‘qonov jazoni to‘liq o‘tagani inobatga olindi.
Hukmning qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirildi.
S.Qo‘qonovga sudda so‘nggi so‘z berilganida u o‘zining mutlaqo aybsizligini aytdi.
Unga sud hukmidan norozi bo‘lgan taqdirda nazorat tartibida shikoyat qilish huquqi tushuntirildi.
Izoh (0)