Andijon davlat universitetida 2019—2020-o‘quv yilidan mamlakatda birinchi marta qirg‘iz tili va adabiyoti ixtisosligi uchun magistratura ta’lim yo‘nalishiga qabul amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Prezidentning 2019-yil 17-iyundagi “2019—2020-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat parametrlari to‘g‘risida”gi qarori asosida oliy o‘quv yurtlari bakalavriat va magistratura yo‘nalishiga kirish uchun hujjatlar qabul qilish jarayoni hamda test sinovlariga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Mazkur jarayon Andijon davlat universitetida ham yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.
– Ayni kunga qadar universitetdagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 36 ta, magistratura ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 20 ta ixtisoslik bo‘yicha 8 ming nafardan ziyod abituriyentdan belgilangan tartibda hujjatlar qabul qilindi, – deydi Andijon davlat universiteti rektori Akromjon Yo‘ldoshev. – Hujjatlar universitetning asosiy binosida qabul qilinmoqda. Joriy yilda har yilgidan farqli o‘laroq, abituriyentlardan hujjatlar soddalashtirilgan tartibda qabul qilinib, hujjatning qabul qilinganligi haqidagi ma’lumot onlayn tarzda veb-saytga joylashtirib borilmoqda.
Universitetning kirish qismi va boshqa belgilangan joylariga qabul bilan bog‘liq, qolaversa, qaysi ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qayerda hujjatlar qabul qilinishi haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan maxsus stendlar o‘rnatildi. Qabul ishlarini samarali bo‘lishini ta’minlash uchun zarur jihozlar, kompyuter vositalari ajratildi.
Qabul komissiyasiga muayyan malaka va tajribaga ega mutaxassislar jalb etildi. Abituriyentlarga hujjat topshirish oldidan hujjatlarini nazoratdan o‘tkazuvchi, zarur tavsiya va maslahatlar beruvchi Axborot-maslahat markazi xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, havoning issiqligi hisobga olinib, hujjatlar qabul qilinayotgan binoda salqin ichimliklar savdosi, tibbiyot xodimlarining navbatchiligi, ota-onalar uchun kutish maydonchalari, dam olish xonalari tashkil etildi.
– Biologiya ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi bo‘limga hujjat topshirdim, — deydi abituriyent Gulzira Begmatova. – Hujjatlarimni topshirishda hech qanday qiyinchilik bo‘lmadi. Yaratilgan sharoitlardan, ayniqsa, men bilan birga kelgan onam juda xursand bo‘ldi.
Joriy yilda Andijon davlat universitetining bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentlarning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha 2 ming 115 nafari, sirtqi ta’lim bo‘yicha 875 nafari talabalikka qabul qilinadi. Bundan tashqari, magistratura yo‘nalishi bo‘yicha 20 ta mutaxassislik uchun 102 ta o‘rin ajratilgan.
Ushbu yildan universitetida bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha texnologik ta’lim, vokal san’ati, cholg‘u ijrochiligi, rangtasvir, amaliy san’at, madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish va boshqarish, psixologiya, ijtimoiy-madaniy faoliyat singari yangi ta’lim yo‘nalishlari tashkil etildi.
Magistratura ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatda ilk bor qirg‘iz tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassislar tayyorlovchi yangi yo‘nalish tashkil etilganligi Farg‘ona vodiysidagi ta’lim muassasalari uchun qirg‘iz tili va adabiyoti bo‘yicha ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash imkonini beradi.
Test sinovlari jarayonining ochiq va xolis o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida tanlangan binolarga shaxsni identifikatsiyalash vositalari, videosifikatsiya qurilmalari, videokameralar, abituriyentlarning ota-onalari kutish joylariga monitorlar o‘rnatildi.
Izoh (0)