Italiyaning Neapol shahridagi San-Paulo stadionida XXX yozgi Universiada o‘yinlarining ochilish marosimi 3-iyul, chorshanba kuni bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur musobaqada 120 ga yaqin davlatdan 9000 nafarga yaqin talaba sportchi 18 ta sport turi bo‘yicha bellashadi.
Har ikki yilda o‘tkaziladigan ushbu universiadada 42 nafar o‘zbekistonlik talaba yengil atletika, dzyudo, taekvondo WTF, badiiy gimnastika, tennis, sport gimnastikasi, o‘q otish hamda kamondan otish sport turlari bo‘yicha medallar uchun bahs olib boradi (ularning ro‘yxati bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin).
Qariyb 80 mingga yaqin muxlis bilan to‘lib-toshgan stadionga O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini, dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Olimpiya o‘yinlari chempioni, ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi Suxrob Tursunov baland tutgan holda olib kirdi. Bayroq ortidan Vatan sharafini himoya qiladigan sportchilar, murabbiy va mutaxassislar maydonga kirib keldi.
Ushbu tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev hamda mamlakatning Italiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Otabek Akbarov ishtirok etdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)