2019-yilning fevral—mart oylari davomida Maktabgacha ta’lim vazirligi Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkiloti (MTT)lari faoliyati monitoringini o‘tkazdi. Mazkur monitoring natijalariga ko‘ra, MTTlarning 8 nafar mudiri ishdan bo‘shatildi, 6 nafariga hayfsan e’lon qilindi. Bu haqda MTV “Daryo”ga xabar berdi.
Monitoring doirasida MTT mudirlari, tarbiyachilari, tarbiyachi yordamchilari, tibbiyot xodimlari, oshxona xodimlari va texnik xodimlar faoliyati o‘rganildi. Tadbirlar Maktabgacha ta’lim vazirligi xodimlari (sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish bo‘limi, ichki audit xizmati, ixtisoslashtirilgan MTM faoliyatini muvofiqlashtirish, reabilitatsiya va bolalarning salomatligini ta’minlash bo‘limi) hamda Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi mutaxassislaridan (shahar psixonevrologiya dispanseri psixonevrologlari, logoped va defektologlar, pediatrlar) iborat idoralararo ishchi guruhi tomonidan o‘tkazildi.
Bunda namunaviy va ixtisoslashtirilgan (o‘sishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlar bo‘lgan bolalar uchun) MTT faoliyatida qoidabuzarliklar aniqlanib, holatga tuzatish kiritish uchun quyidagi harakatlar majmui ishlab chiqildi.
a) ro‘yxatda bo‘lmagan bolalarning MTTlarga borishiga chek qo‘yish
Ixtisoslashtirilgan MTTlarda (IMTT), xususan, muassasa xodimlariga qarindosh bo‘lgan hamda o‘sishida jismoniy yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lmagan yo‘llanmalarsiz bolalar mavjudligi aniqlandi.
b) bolalarni IMTTga yo‘naltirish uchun psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya (keyingi o‘rinlarda – PTPK) tomonidan berilgan xulosalarni inventarlash.
Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya tarkibiga maktabgacha ta’limning tuman bo‘limi xodimlari va poliklinika shifokorlari kiradi. Maktabgacha ta’lim vazirligi (MTV) ishchi guruhi tomonidan quyidagilar aniqlandi:
- PTPK xodimlari soni va tarkibiga qo‘yilgan talablarga rioya etmaslik: 7 nafar o‘rniga 5 nafar a’zo, ko‘rikda soha mutaxassislarining mavjud emasligi;
- hujjatlarni rasmiylashtirishda qoidabuzishlar: komissiya a’zolari imzolari va muhrlari to‘liq tarzda yig‘ilmasligi
v) sog‘lom bolalar IMTTga qatnashi amaliyotiga barham berish.
MTV tomonidan IMTTlar monitoringi amalga oshirilganda ko‘p tashhislar tasdiqlanmadi: 32-sonli IMTTda 94 foiz tarbiyalanuvchilar (navbatda esa 70 nafar bolalar turibdi), 60-sonli IMTTda - 93 foiz, 604-sonli IMTTda - 72 foiz, 422-sonli IMTTda - 88 foiz, 137-sonli IMTTda 77,4 foiz tarbiyalanuvchilar sog‘lomdir.
g) oshxona xodimlariga yozma ogohlantirish berish.
MTV ishchi guruhi tomonidan oziq-ovqat tayyorlash texnologiyasini buzish (489-sonli, 398-sonli MTT) va mahsulotlarni saqlashga xos talablarni bajarmaslik (66-sonli, 521-sonli MTT) holatlari aniqlandi.
d) tarbiyachilar bilan hujjatlarni yuritish va ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borish.
Monitoring davomida tabel va moliyaviy hujjatlarni yozuvlarni o‘chirish imkonini beruvchi maxsus ruchka orqali to‘ldirish, shuningdek, IMTTda bolalar tibbiy kartasini betartib yuritish yohud ushbu kartalarning umuman mavjud emasligi holatlari qayd etildi.
O‘quv materiallari va o‘yinchoqlar ayrim guruhlarda bolalar bo‘yi yetmaydigan joylarga qo‘yilib, bolalar ulardan foydalana olmagan. Shuningdek, Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan bepul olingan rivojlantiruvchi bosma materiallar barcha guruhlarga ham tarqatilmagan.
“Har bir monitoring yakunlariga ko‘ra Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan holatlarga tuzatish kiritish va mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan aniq choralar ko‘rilmoqda. MTV tomonidan qo‘llaniladigan eng yuqori jazo chorasi – “xodimning o‘z mehnat vazifalarini qo‘pol ravishda buzganligi” moddasi bo‘yicha mehnat shartnomasini bekor qilish. O‘g‘rilik holatlari aniqlanganda MTV audit bo‘limi tegishli ma’lumotni tekshiruv o‘tkazilishi uchun prokuraturaga topshiradi. Ayrim hollarda monitoring natijalari darhol e’lon qilinmaydi, chunki hujjatlarni rasmiylashtirish, taklif etilgan choralarni tasdiqlash va harakatlar rejasini ishlab chiqish jarayoni ma’lum vaqt talab etadi. Masalan, o‘tgan fevral va mart oylarida o‘tkazilgan monitoring natijalarini yaqindagina yakuniga yetkazdik, chunki ayrim mudiralar kasallik varaqalari rasmiylashtirib, shu tariqa ishdan bo‘shatilishiga qarshilik bildirib keldilar”, — deb ta’kidladi MTVning kadrlar bo‘limi boshlig‘i Abdukahhor Yusupov.
O‘tkazilgan monitoring yakunlariga ko‘ra, qoidabuzishlarga yo‘l qo‘ygan maktabgacha ta’lim tizimi mansabdor shaxslariga nisbatan quyidagi choralar qo‘llanildi.
№ | Lavozim | Tuman | Qo‘llanilgan chora |
1 | 32-sonli IMTT mudiri | Mirobod tumani | Hayfsan e’lon qilindi |
2 | 282-sonli IMTT mudiri | Hayfsan e’lon qilindi | |
3 | 127-sonli IMTT mudiri | Hayfsan e’lon qilindi | |
4 | 60-sonli IMTT mudiri | Ishdan bo‘shatildi | |
5 | 66-sonli MTT mudiri | Hayfsan e’lon qilindi | |
6 | 521-sonli MTT mudiri | Hayfsan e’lon qilindi | |
7 | 489-sonli MTT mudiri | Hayfsan e’lon qilindi | |
8 | 398-sonli MTT mudiri | Ishdan bo‘shatildi | |
9 | 507-sonli MTT mudiri | Ishdan bo‘shatildi | |
10 | 389-sonli MTT mudiri | Ishdan bo‘shatildi | |
11 | 422-sonli IMTT mudiri | Mirzo-Ulug‘bek tumani | Ishdan bo‘shatildi |
12 | 137-sonli IMTT mudiri | Ishdan bo‘shatildi | |
13 | 604-sonli IMTT mudiri | Uchtepa tumani | Ishdan bo‘shatildi |
14 | 24-sonli IMTT mudiri | Chilonzor tumani | Ishdan bo‘shatildi |
Izoh (0)