Mudofaa vazirligi maxsus bo‘linma harbiy xizmatchilarining “Toshkent dengizi”da parashyut bilan suvga sakrash bo‘yicha amaliy o‘quv mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda “Daryo”ga Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tgan 2018-yilda milliy armiyada ilk bora parashyut bilan suvga sakrash jangovar mashg‘uloti muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi.
O‘zbekning sara desantchilarining bu boradagi tajribalarini mustahkamlash ko‘zda tutilgan navbatdagi mashg‘ulotlar O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan “Toshkent dengizi”da amalga oshirildi.
Mashg‘ulot rahbari podpolkovnik Alisher Ubaydullayev yo‘riqnomalari asosida yetmish to‘rt nafar harbiy xizmatchi parashyut bilan suvga sakrashning muhim jihatlari, qat’iy qonuniyatlarini o‘zlashtirdi. Parashyutlar yana bir bor nazoratdan o‘tkazildi. Shundan so‘ng, belgilangan vaqtlarda sakrash elementlari ketma-ketligini taqozo etuvchi ko‘nikmalarga ega abjir desantchilar Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlariga qarashli Mi-8 harbiy vertolyoti bortidan joy oldi.
Jami 74 nafar desantchi olti guruhga bo‘lingan holda navbatma-navbat suvga sakrash jangovar vazifasini a’lo darajada ado etdi; suvga sho‘ng‘ish chog‘ida parashyut yuk xaltasini yechib, sohilga suzib chiqdi.
Desantchilarning har bir xatti-harakati Qurolli Kuchlar Bosh Shtabi jangovar tayyorgarlik bosh boshqarmasining mas’ul ofitserlari tomonidan kuzatib borildi.
Ushbu mashg‘ulot, eng avvalo, ilk bor suvga sakrayotgan desantchining o‘z imkoniyatlarini kengaytirishi, har qanday vaziyatda jangovar shay holatda bo‘lishini ta’minlashi bilan ahamiyatlidir.
Izoh (0)