Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofirjon Mirzayev OAV xodimlarining kasb bayrami arafasida jurnalistlar bilan uchrashdi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar berdi.
Hokim joriy yilgi kasb bayramini viloyatdagi barcha OAV xodimlari ishtirokida har yilgidan mutlaqo o‘zgacha, tantanavor o‘tkazish, keksa, bemor jurnalistlarni ayyom bilan tabriklash, holidan xabar olish bo‘yicha viloyat hokimligining mas’ul xodimlariga topshiriqlar berdi.
Bayram munosabati bilan OAV xodimlariga planshetlar sovg‘a qilinadigan bo‘ldi.
Yana Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan mahalliy hamda respublika OAV xodimlaridan iborat katta guruhning O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida mazkur oliy o‘quv yurti jamoasi hamda sirdaryolik talabalar bilan uchrashuvini o‘tkazishga ham kelishib olindi. G‘ofirjon Mirzayev viloyatda jurnalist kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj juda katta ekanligi, shu bois ushbu o‘quv maskanida yanada ko‘proq sirdaryolik yoshlarning o‘qishi uchun universitet rahbariyatiga kvota ajratish bo‘yicha taklif kiritilayotganini aytdi.
Muloqot so‘nggida viloyat hokimi soha xodimlari bilan tez-tez va yuzma–yuz uchrashuvlar o‘tkazib turilishini ma’lum qildi.
Izoh (0)