Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanidagi Gulobod mahallasida yashovchi Gulnor Qo‘ziyeva (ism-shariflar o‘zgartirildi) ichki ishlar idorasiga murojaat etib, kunduzi soat 10:00 dan 12:30 gacha bo‘lgan vaqtda uyida yo‘qligidan foydalanib, noma’lum shaxs eshik qulfini buzish yo‘li bilan o‘g‘rilik qilganini xabar beradi, deb yozadi O‘zA.
Shu kuni 67 yoshdagi momoning uyidagi sandig‘i ichida bo‘lgan 100 dollar va 1 million 300 ming so‘m puli, narxi 7 million 500 ming so‘mlik tilla zanjiri, 3 million 250 ming so‘mlik tilla bilak uzugini, 2 million 750 ming so‘mlik bir juft kitobsirg‘a nomli ayollar tilla taqinchog‘i, 5 million 250 ming so‘mlik ayollar tilla munchog‘i, narxi 2 million 500 ming so‘mlik tilla kuloni, har biri 1 million 500 ming so‘mlik 2 dona qizil ko‘zli ayollar tilla uzugi o‘g‘irlanganini bildirgan.
Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida o‘g‘ri ashyoviy dalillar bilan qo‘lga tushdi. Qizig‘i u begona emas ekan. G.Qo‘ziyevaning tumandagi Shaffof mahallasida yashaydigan 27 yoshdagi qizi, uy bekasi Nozigul Umarova bo‘lib chiqdi.
Onasining uyini tunagan N.Umarovaga nisbatan tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Izoh (0)