Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi va tuman inspeksiyalari “Ishonch telefoni”ga 2019-yilda jismoniy va yuridik shaxslardan jami 262 ta murojaat kelib tushdi. Bu haqda Toshkent shahar DSB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Shutterstock

Tahlillarga ko‘ra, 115 ta murojaat nazorat kassa mashinasi cheki bermaslik, 33 tasi savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida to‘lov terminallari ishlamayotganligi yoki shu bilan bog‘liq muammolar, 8 tasi tegishli hujjatsiz mahsulotlar sotish, xizmatlar ko‘rsatish va 106 tasi boshqa qonun buzilish holatlari bilan bog‘liq masalalarga daxldor.

Xususan, boshqarma “Ishonch telefoni”ga kelib tushgan murojaatda Shayxontohur tumani, Sheroziy ko‘chasida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchasida xarid cheki berilmagani bayon qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida oshxona kassiri Turg‘un Alimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) mijozga 18 ming so‘mga xarid cheki bermaganligi hamda kunlik savdodan tushgan 8 755 000 ming so‘m naqd pulni nazorat-kassa mashinasi xotirasiga kiritmagani aniqlangan.

Nazorat tadbirida korxona rahbarlari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, soliqqa oid qonunchilik talablari tushuntirilgan.

“Agarda qonuniy huquq va manfaatlaringiz buzilsa, Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining 71-244-54-86 raqamli ‘Ishonch telefoni’ga qo‘ng‘iroq qiling”, — deyiladi xabarda.