Atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish maqsadida 2020-yil 1-yanvardan “L”, “M”, “N” va “G” turkumidagi transport vositalarini O‘zbekistonga olib kirish va sotish taqiqlanishi taklif etilmoqda. Bu haqda Spot xabar qiladi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan “G‘ildirakli transport vositalarining ekologik sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.
Lohiyaga ko‘ra, atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish maqsadida 2020-yil 1-yanvardan “L”, “M”, “N” va “G” turkumidagi minilgan, hamda yangi, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan, toksikligi darajasi “Yevro-4” ekologik sinfi talablariga javob bermaydigan (8703 va 8705 HS kodlariga mos keladigan maxsus maqsadli transport vositalaridan tashqari) g‘ildirakli transport vositalarini O‘zbekistonga olib kirish va sotish taqiqlanishi taklif etilmoqda.
“L”, “M”, “N” va “G” toifalari:“L” — mopedlar, mototsikllar, mokiki, motovelosipedlar, tritsikllar, kvadrotsikllar (elektrodvigatel bilan jihozlanganlardan tashqari)ni o‘z ichiga oluvchi mototransport vositalari.
“M” — eng kamida to‘rt g‘ildirakga ega yo‘lovchi tashishda foydalaniladigan hamda haydovchi o‘rindig‘idan tashqari, sakkizdan ortiq o‘rindiqqa ega bo‘lmagan yo‘lovchi tashish vositalari, avtobuslar, mikroavtobuslar, ixtisoslashtirilgan yo‘lovchi transport vositalari (elektrodvigatel bilan jihozlanganlardan tashqari).
“N” — yuklarni tashish uchun foydalaniladigan transport vositalari, shu jumladan og‘irligi 3,5 tonnadan oshadigan, ammo maksimal og‘irligi 12 tonnadan ortiq bo‘lmagan yuklarni tashish uchun mo‘ljallangan yuk tashuvchi transport vositalari, maksimal massasi 12 tonnadan ortiq bo‘lgan yuklarni tashish uchun mo‘ljallangan transport vositalari (elektrodvigatel bilan jihozlanganlardan tashqari).
“G” — o‘tkazuvchanligi yuqori bo‘lgan transport vositalari.
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin. 25-iyunga qadar havola orqali muhokamada qatnashib, o‘z fikr va mulohazalarni bayon qilish mumkin.
Izoh (0)